Harbiy aloqachi kursantlar amaliy mashgʻulotlarda

0
1866

Bugungi kursant – ertangi ofitser. U har jihatdan mukammal, keng mulohazali, tezkor qaror qabul qilish koʻnikmasiga ega, oʻzida qoʻshinni boshqara olish qobiliyatini shakllantirgan boʻlishi kerak. Chunki ertaga unga ishonib shaxsiy tarkib biriktiriladi. Uning bergan buyruqlari boʻlinmasi taqdirini hal etadi. Bir soʻz bilan aytganda, u javobgar!

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlarining nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ularni oʻz mutaxassisliklari boʻyicha yetuk kadrlar boʻlib yetishishini taʼminlash, qolaversa, real vaziyatlarda bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar xarakterini shakllantirish maqsadida Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Angren” umumqoʻshin togʻ poligonida oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Unda harbiy institutning bitiruvchi kurs kursantlari – boʻlgʻusi ofitserlar alohida guruhlarga boʻlingan holda malakali mutaxassislar tomonidan soha sir-asrorlarini oʻrganishmoqda. Eʼtiborlisi shundaki, mashgʻulotlar kunduzgi va tungi sharoitlarda oʻtkazilmoqda.

Kursantlar oʻz mutaxassisliklari boʻlmish aloqa yoʻnalishi boʻyicha ham qator mashgʻulotlar olib bordi. Ular qoʻmondonlik shtab mashinasida 2-meʼyorni bajarish boʻyicha oʻzaro bellashdi. Mazkur qoʻmondonlik shtab mashinasi jangovar vaziyatlarda qoʻshinlarni boshqarishdagi yuqori samaradorligi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu bois malakali yoʻriqchilar boshchiligida uni dala sharoitida qoʻllash boʻyicha kursantlar malakasi oshirildi.

– Albatta, dala-oʻquv maydoni sinf xonasi emas. Qolaversa, nazariya bilan amaliyot oʻrtasida doim ham maʼlum maʼnoda tafovut uchrab turadi, – deydi harbiy institut tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitseri mayor Sherqoʻzi Hakimov. – Ana shularni inobatga olgan holda soʻnggi paytlarda kursantlarning poligonlardagi mashgʻulotlariga alohida urgʻu berilyapti. Bu, yigitlarda ertangi vaziyatlarga tayyor turish koʻnikmasini shakllantiribgina qolmay, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishiga ham zamin yaratadi.

Oʻquv mashgʻulotlari davomida kursantlarning tibbiy tayyorgarlik koʻnikmasi ham oshirildi. Xususan, yaradorga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish, uni jang maydonidan olib chiqish, xavfsiz evakuatsiya qilish shartlari boʻyicha amaliy koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi. Shuningdek, togʻ tayyorgarligi, turli toʻsiqlardan betalafot oʻtish boʻyicha koʻnikmalar berildi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu amaliy mashgʻulotlar kursantlar uchun har jihatdan foydali boʻldi. Boisi, real vaziyatlarda jang taqdirini ijobiy hal etish koʻp jihatdan aloqachilarga bogʻliq. Qoʻshinni boshqarish, toʻgʻri taktika qoʻllash, turli nuqtalardagi maʼlumotlarni tezkorlik bilan yuqori qoʻmondonlikka yetkazish va qabul qilish, pirovardida esa barqarorlikni taʼminlashda ular xizmati beqiyos. Shunday ekan, bu muhim mutaxassislik ustasi boʻlish uchun kunu tun oʻrganish, izlanish, dala-oʻquv maydonlarini band qilish zarur. Aslida ham shunday boʻlmoqda.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

“Vatanparvar” gazetasi