Saylov komissiyasi aʼzolarining siyosiy bilimlari oshirildi

0
655

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida eʼlon qilingan “Siyosiy savodxonlik haftaligi” tadbirlari doirasida harbiy qism va muassasalarda tuzilgan saylov komissiyasi aʼzolarining siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida bugun, 13-oktabr kuni Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Suyarjon Qurbankulov tomonidan mashgʻulot oʻtkazildi. Joylarda tuzilgan saylov komissiyasi aʼzolari mashgʻulotda onlayn ishtirok etdilar.

S.Kurbankulov saylov qonunchiligi boʻyicha berilgan savollarga batafsil javob berdi. Jumladan, tobora yaqinlashib kelayotgan saylovlarda bu gal qanday yangiliklar joriy qilingani, qancha uchastkada bu jarayon onlayn translyatsiya qilinishi, muddatidan oldin va xorijda ovoz berish qanday tashkil etilishi haqidagi maʼlumotlar ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Maʼlumot uchun: bugungi kunda xorijiy tajriba va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy yilning 24-oktabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida har bir tuman va shahardagi 1 tadan namunaviy saylov uchastkalarida 2 tadan kameralar va zaruriy qurilmalarni oʻrnatish boʻyicha tegishli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Raqamlar bilan aytadigan boʻlsak, 207 ta tuman va shaharlarda jami 414 ta kuzatuv kameralari oʻrnatilishi belgilangan. 2019-yilga nisbatan bu 147% koʻproq degani. Ushbu uchastkalardagi ovoz berish jarayoni saylov21.uz portali, MSK binosi va matbuot markazida, shuningdek “Oʻzbekiston24” telekanalida onlayn translyatsiya qilinadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti