Hayrat va havasga boy yoshlar

0
676

Ming marta eshitgandan bir marta koʻrgan afzal, deyishadi. Chirchiq shahridagi 2-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan festival ishtirokchilarining hayrat va havaslarini kuzatib, Vatan taqdiriga daxldorlik hislari ortganiga guvoh boʻldik. Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga qaratilgan ushbu tadbir yoshlarni uyushtirganligi bilan ahamiyatli boʻldi.
Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti harbiy xizmatchilari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari, qoʻl jangi boʻyicha chiqishlar, quvnoqlar va zukkolar jamoasining hazillari yon-atrofdagi mahallalarni ham jalb qildi. Birpasda shahardagi “Nur”, “Yulduz”, “Saodat”, “Madaniyat”, “Lola” va “”Bahor mahallalarining yoshlari oʻquvchilar orasidan joy oldi. Festivalga shahardagi 8-, 9-, 10-, 15- kabi bir qancha boshqa umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilari ham jalb qilingan ekan.

– Bugun maktabimiz hovlisida paydo boʻlib qolgan harbiy texnikalarni men faqat “Vatanparvar” gazetasining sahifalarida, koʻrsatuvida koʻrgan edim. Ularni ushlab, ishlatib koʻrdik. Harbiy akalarimiz bizga qurollarning ishlash tartibini, xususiyatlarini gapirib berdi. Men ushbu festivalda armiyamiz qudratini rosmana his qildim, – deydi Chirchiq shahridagi 2-umumtaʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchisi Amirxon Davletov.
Tadbir ssenariysi yakunlanganidan soʻng oʻgʻil-qizlar jangovar texnikalar bilan tillashishga tushib ketdilar. Harbiy xizmatchilarning ularning barcha savollariga batafsil javoblar berdilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti