Milliy armiyamiz bilan faxrlanish hissini uygʻotayotgan festivallar

0
856

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan okrug tasarrufidagi har bir garnizonda “Vatanparvarlik karvonlari” tashkil etilgan boʻlib, ushbu targʻibot guruhlari tomonidan viloyatlarning markazi va olis hududlarida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida turli uchrashuvlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar hamda harbiy-vatanpavarlik festivallarini oʻtkazib kelinmoqda.

Jumladan, Samarqand garnizonidagi harbiy xizmatchilar Samarqand tumanida, Kattaqoʻrgʻon garnizonidagi harbiylar Ishtixon tumanida, Jizzax garnizonidagi harbiylar Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanida oʻtkazgan boʻlsa, Navoiy garnizonidagi harbiy xizmatchilar esa Navoiy Kon-metallurgiya zavodi xodimlarini vatanparvarlikka undashdi.

Shuningdek, tuman rahbarlari ishtirokida harbiy orkestr sadolari jo‘rligida oʻtkazilgan marafonlarda yoshlar davlatimiz bayrogʻini baland koʻtarib, 5000 qadamni bosib oʻtishdi.

Festivallar doirasida qurol-yarogʻ hamda sport texnikalaridan iborat koʻrgazmalar yoshlarga milliy armiyamiz kuch va salohiyatidan soʻzlagan bo‘lsa, faxriy qorovul va harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari festival ishtirokchilariga yanada manzur boʻldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati