Vatanparvarlik festivali vodiy yoshlarini birlashtirdi

0
2446

Yurtimizda aholini sogʻlom turmush tarziga amal qilishga undovchi juda koʻplab tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda. Fargʻona viloyatining Rishton va Fargʻona tumanlarida katta tantanalar bilan yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.

Tadbirlarda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizoni harbiy xizmatchilari, hamkorlikdagi tuzilmalar, tuman hokimliklari, Yoshlar ittifoqi viloyat va tuman kengashlari hamda mudofaa ishlari boʻlimi vakillari, mudofaaga koʻmaklashuvchi vatanparvar tashkiloti va tuman aholisi ishtirok etdi.

Festival doirasida tadbir qatnashchilari erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun besh ming qadam” shiori ostida tuman markaziy koʻchasi boʻylab harbiy orkestr musiqa sadolari ostida yurish marshida qatnashdi.

Shundan soʻng ishtirokchilar turli jismoniy mashqlarni bajardilar. Harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-aslahalar va harbiy anjomlar koʻrgazmasi ham namoyish etildi.
Yosh sportchilar oʻz chiqishlari bilan tadbirda ishtirok etgani barchani yana bir bor sportga yaqinlashtirdi. Harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi va xizmat itlari bilan koʻrgazmali chiqishlari tomoshabinlarda qiziqish uygʻotdi.

Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining avto va moto texnikalari namoyishi ham qizgʻin kutib olindi.

Mahalla yoshlarining chinakam vatanparvar boʻlib ulgʻayishlarida ushbu tadbirlarning oʻrni beqiyos boʻlib, bunday tadbirlar Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlarida oʻtkazilishi davom etmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati