KICHIK QISHLOQDAN KATTA ARENAGACHA BOSIB O‘TILGAN MASHAQQATLI YO‘L

0
37991

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tug‘ilib voyaga yetgan Diyorani bugun butun dunyo taniydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Dzyudo bo‘yicha o‘z vazn toifasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan qahramonimiz 6 yoshidan boshlab sport bilan shug‘ullanib keladi. “Sport hayotimning bir bo‘lagi”, deydi Diyora. Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi leytenant Diyora Keldiyorova allaqachon professional sportda o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan.

BUVIMGA RAHMAT AYTAMAN

Birinchi ustozim Xurshida Xalikova bo‘ladi. O‘smirlik chog‘larimda qarindosh-urug‘lar, qo‘shnilar tomonidan qarshiliklar bo‘lgan: qiz bola uchun sport shartmas, turmush va oila qurish birinchi o‘rinda turadi, deb gapirishgan. Ammo yonimni olib, xohish-istaklarim bilan qiziqqan inson buvim bo‘lgan. Aslida buvim ham yoshligida kurashchi bo‘lishni xohlagan ekan. Ammo uning yonini oladigan, unga yo‘l ochib beradigan inson bo‘lmaganligi uchun armonga aylangan orzusini menda ko‘rishni istardi. Va bu o‘z samarasini berdi. Buvimning sa’y-harakatlari tufayli kichkina qishloqdan jahon arenalariga chiqib bordim.

FAQAT VA FAQAT OLGʻA

Yigirma yil umrimni sportga bag‘ishladim. 2015 yil musobaqada jarohat oldim. Yarim yil reabilitatsiya markazida davolanishga majbur bo‘ldim. O‘tgan yarim yillik vaqt hayotimda juda katta burilish yasay oldi, desam, xato bo‘lmaydi. O‘tgan vaqtni sarhisob qilish va kelajakni rejalashtirish uchun yetarlicha imkon bo‘ldi. Juda ko‘p o‘yladim, xulosam shu bo‘ldiki, maqsadimdan og‘ishim uchun asos yo‘q. Faqat va faqat olg‘a intilishim kerak. Shundagina biror natijaga erishaman. Sinovlar inson irodasini toblar ekan. Men nafaqat jismoniy chiniqish, balki ruhiy quvvat ham kerakligiga ana o‘sha payt tushunib yetdim. Irodasi mustahkam inson hech qachon yengilmaydi. Mag‘lubiyat bo‘lishi mumkin. Ammo irodali inson qayta turish uchun o‘zida kuch topa oladi.

HARBIY XIZMAT VA SPORT

Bugun O‘zbekiston armiyasining salohiyati va qudrati mustahkam. Buni harbiylarimizning Xalqaro armiya o‘yinlarida erishayotgan muvaffaqiyatlaridan ham ko‘rish mumkin. Shunday professionallar bilan bir safda bo‘lish esa insonga sharaf bag‘ishlash bilan bir qatorda, juda katta mas’­uliyat ham yuklaydi.

Harbiy sportchi sifatida faoliyat boshlaganimga bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, bunday katta ishonchga loyiq ko‘rilganimdan faxrlanaman. Lekin, to‘g‘risini aytaman, men hech qachon harbiy libos kiyishni xayolimga ham keltirmagan edim. Birinchi navbatda qiz bola bo‘lganligim uchun harbiy sportchi bo‘lish mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan edim. Ammo hayot tuhfalari kutilmaganda kelar ekan.

MAGʻLUBIYATDAN MOTIVATSIYA OLAMAN

Menga musobaqalarda yutqazib qo‘yganimning alami ko‘proq motivatsiya beradi. Yaqinda Toshkentda bo‘lgan jahon chempionatida raqibimga yutqazib qo‘ydim. Keyin Boku va Abu Dabi shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqada birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qo‘lgan kiritdim. Buning tag zamirida esa Vatanimda bo‘lib o‘tgan musobaqada mag‘lub bo‘lganimning alami bor edi. Va men alamimdan chiqdim. Dzyudo sport turida Olimpiada yo‘llanmasi uchun reyting ballari yig‘ilib boriladi. Shuning uchun 2024 yilgi Olimpiada ishtirokchisiga aylanish uchun ham yutqazishga haqqim yo‘q. Umumiy yig‘ilgan reyting ballari kuchli o‘n oltilikka kirgan sportchilargina nufuzli musobaqa yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Agar ballarni muddatidan oldin yig‘ib qo‘ysam, bemalol tayyorgarlik ko‘rish va boshqa musobaqalarga qatnashib turish imkoni yaratiladi.

MEN UDDALAYMAN!

Sportdan ketish yoki uni ma’lum muddatga tark etish haqida o‘ylab ko‘rmaganman. To‘g‘ri, og‘ir davrlar bo‘ladi. O‘sha davrni oilam davrasida o‘tkazaman. Ota-onamning mehrini his qilaman. Ozroq chalg‘iyman. Va qarabsizki, yana sportga sho‘ng‘iyman. Bir gal shunday bo‘lgan: Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi mag‘lubiyatimdan keyin bir hafta o‘tib, Abu Dabiga uchib ketdik. U yerda “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqa bo‘lishi kerak edi. Unda ishtirokim ikkinchi o‘rin bilan yakunlandi. Yana bir hafta o‘tib, Bokuga uchib ketish kerak bo‘lgan paytda rad etdim. Chunki juda charchagandim. Mening xohish-istaklarim inobatga olinmadi. Sportda ruhiy tayyorgarlik juda muhim. Menda esa istak o‘lib bo‘lgandi. Men bilan psixolog va murabbiylarim muntazam ish olib borishdi. Natijada kutilmaganda o‘sha musobaqada chempion bo‘ldim. Ayt­moqchimanki, sportchining ruhiyati bilan ishlashni biladigan psixolog va murabbiy bo‘lsa, barchasini uddalash mumkin ekan. Shu kundan boshlab o‘zimga shior qilib oldim: “Men uddalayman!”

TAKTIKA JUDA MUHIM

Yirik musobaqalardan oldin qur’a tashlash marosimi bo‘ladi. Qaysi davlat vakili bilan tatamiga tushishim musobaqadan bir kun oldin ma’lum bo‘ladi. Lekin menga buning umuman qizig‘i yo‘q. Aniqrog‘i, qiziqmayman, chunki murabbiylarim o‘sha sportchi haqida ma’lumot yig‘ib, musobaqaga chiqishimdan oldin menga aytishadi. Ma’lumot deganda nimani nazarda tutyapman, har bir sportchining ko‘p qo‘llaydigan “priyom”i bo‘ladi. O‘sha “priyom”lardan ehtiyot bo‘lishim haqida ogohlantirishadi. Murabbiylarimning qo‘llaydigan taktikalari asosida ko‘pgina xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindori bo‘lib kelyapman. Shuning uchun aytamanki, sportda taktika juda muhim. Aslida sport, ayniqsa yakkakurash yo‘nalishida soniyaning o‘ndan bir ulushida masala hal bo‘lishi mumkin. O‘sha lahzadan kim oqilona foydalana olsa, g‘oliblik o‘shanga nasib etadi. Buni qisqa qilib “omad” ham deb atashadi. Sportda kuchli va kuchsiz degan tushunchalar bor. Ammo raqibga hech qachon past nazar bilan qarab bo‘lmaydi. Boya aytganimdek, soniyaning o‘ndan bir ulushida masalani o‘z foydasiga hal qilib ketgan kuchsiz sportchilarni ko‘rganman. Shuning uchun sportda doimiy sergaklik, hushyorlik va taktika juda muhim.

TANQIDLARDAN KUCH OLAMAN

Katta sportda bo‘lish – bu doim elning nazaridasiz degani. Shuning uchun xato qilmaslikka harakat qilaman. Ammo g‘oliblik bor ekan, mag‘lubiyatlar ham bo‘lishi tabiiy. Mag‘lubiyatlar sportchiga tajriba beradi. Mag‘lubiyatlarsiz sportchi tajribasiz sportchi degan bo‘lardim. Men ham insonman, menda ham yurak bor. Stress, depressiyaga tushishim, hayajonlanishim, hayratlanishim, xato qilishim mumkin. Afsuski, mening bir-ikki xatolarimni ko‘rib, xulosa qiladiganlar ham bor ekan. Ayniqsa, Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi mag‘lubiyatimda ko‘p holatlarning guvohi bo‘ldim. Qancha tanqidlar, sportdan ketishimni istaganlar bo‘ldi. Ularga aytardimki, xolis baho berish uchun tanganing ikkinchi tarafini ham ko‘rishsin. To‘g‘ri, muxlislar va vatandoshlar uchun natija muhim. Bilasizmi, noo‘rin tanqidlardan ko‘ngil ranjiydi. Biroq to‘g‘ri tanqidlardan kuch olaman. O‘zimga bo‘lgan ishonchim ortadi. Va men barchasini bundan ham yaxshilashga harakat qilaman.

BIR KUN BIR OYGA TENG

Sportchining kun tartibi juda tig‘iz. Bir yillik kalendar ish rejasi bilan ishlaymiz. Asosiy vaqtimiz mashg‘ulotlar bilan o‘tadi. Aksariyat kunlarimni xorijda o‘tkazaman. Xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlarining aksariyati o‘sha davlatning o‘zida bo‘lib o‘tadi. Iqlimiga moslashish, taomlari, havoning namligi, dengiz sathidan qanchalik balandligi kabi omillar natija uchun kurashishda muhim omil sanaladi. Agar biz bir kun mashg‘ulotlarni qoldiradigan bo‘lsak, bir oy orqaga qarab ketamiz. Shuning uchun ham hech qachon “progul” qilishga haqqimiz yo‘q. Chet davlatlarda yurgan kezlarim Vatanim taomlarini qo‘msayman. Biror davlatning ovqatlari biznikichalik mazali emas. O‘zim ovqat pishirishga imkonim bo‘lmasa-da, mazali ovqatlarga baho bera olaman (kuladi). Bir yil mobaynida bir haftagina ota-onam bilan ko‘rishib, bag‘rida maza qilib dam olib kelishimga imkon bo‘ladi xolos. O‘shanda onam pishirgan taomlardan dilim yayrab, tanovul qilib kelaman. Parhezni ham unutaman. Yakkakurash bahslarida tatamiga chiqadigan sportchilarni bir narsa doim qiynaydi: vaznni maromida ushlab yurish. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanish rasioniga rioya qilish kerak. Hozirga qadar 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida raqiblarim qarshisidaman. Yurtimning mazali taomlaridan bahra olmasdan, shu vaznni ushlab yurish osonmi! (kuladi)

REJALAR…

Sportchi sifatida Olimpiada chempioni bo‘lish, ayol sifatida oila qurib, fayzli xonadonning bekasi va shirin-shakar farzandlarning onasi bo‘lish. Harbiy xizmatchi sifatida milliy armiyamiz shonini yanada ko‘tarish, Xalqaro armiya ­o‘yinlarida Vatanim bayrog‘ining balandlarda hilpirashiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman. Bularning har biri amalga oshishi uchun bor kuch-g‘ayratimni ayamayman. Menga umid bergan shunday tinch zaminda ulg‘ayib kamol topayotganimdan faxrlanaman, g‘ururlanaman. Men erishgan va erishayotgan yutuqlarim, qishloq qizlariga ham motivatsiya bo‘ladi. Men sabab ular ham amaliy harakatlarni boshlashgan bo‘lsa, o‘ylagan niyatlarim va tinimsiz harakatlarim zoye ketmagan deb bilaman.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Vatanparvar” gazetasining 2023-yil 8-sonidan olindi.