Toshkent viloyatida harbiy qism tashkil topgan kun nishonlandi

0
2271

Bugun, 1-iyul kuni Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlardan biri tashkil topganligining 26 yillik sanasi nishonlandi.

Bayramona tarzda tashkil etilgan tadbirda Mudofaa vazirligi masʼullari, tizimdagi soha fidoyilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ishtirok etishdi.

Tantanali marosimni ochib bergan mudofaa vazirining oʻrinbosari dastavval yigʻilganlarga mudofaa vazirining tabrigini oʻqib eshittirdi. Vazir oʻrinbosari ushbu tarixiy sana bilan barchani qutlar ekan, har qanday vaziyatda ham Vatan xizmatiga shay boʻlgan harbiy xizmatchilarimizni, tizimda xizmat qilayotgan soha egalarining fidoyiligi hech qachon unutilmasligini gʻurur bilan tilga oldi.

Ushbu quvonchli kunda yurt tinchligi yoʻlida qahramonlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlarimizning oila aʼzolari, yaqinlarining taklif etilishi, ularga koʻrsatilayotgan ehtirom zamirida ham yuksak ishonch va hurmat yotadi.

Tabrik uchun soʻz olganlar ham sohada olib borilayotgan zamonaviy islohotlar, yaratilgan shart-sharoitlarning yorqin ifodasi xalqaro maydonlarda qoʻlga kiritilayotgan yutuq va gʻalabalar misolida aks etayotganini taʼkidlab oʻtishdi.

Bayramona tadbir davomida harbiy qism shaxsiy tarkibining tantanali marsh yurishi, xizmat itlari ishtirokidagi koʻrgazmali chiqishlar, faxriy qorovulning oʻziga xos namoyishlari, harbiy xizmatchilarining pistirmaga qarshi harakatlari, qoʻl jangi koʻrgazmalari barchaga yuqori kayfiyat baxsh eta oldi.

Harbiy qismdagi “Xotira maydoni”ga gul qoʻyish marosimida esa halok boʻlgan mard oʻgʻlonlar yana bir bor xotirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti