Nukus garnizonida “Azart oqibati” filmi premyerasi boʻlib oʻtdi

0
423

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tashabbusi va koʻmagi bilan bugungi kunda virtual olam va real hayotda dolzarb muammolardan biri boʻlib qolgan onlayn qimorbozlik va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga mukkasidan ketganlarning ayanchli oqibati haqida soʻzlovchi “Azart oqibati” filmi premyerasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar bugun jamiyatimiz kushandasi, koʻp insonlar hayotiga musibatlarni olib kelayotgan onlayn qimorbozlik va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning salbiy oqibatlari, yoshlarimizga taʼsiri haqida soʻzlab berishdi. Ulardan ogoh boʻlishimiz, yon-atrofimizdagi insonlarni bu balodan saqlashimiz davlatimiz, jamiyatimiz rivojiga hissa qoʻshishimiz bilan ahamiyatli ekanligi taʼkidlandi.

Tarbiyaviy ahamiyati bilan qimmatli boʻlgan ushbu film real voqelikka asoslangan boʻlib, undagi oddiy insonlarning turmushi, hayotidagi orzu-havaslari, tez orada oson yoʻl bilan moʻmay daromad topish ilinjida qimorbozlik va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar domiga kirib qolganlarning ayanchli qismati yoritilgani eʼtiborni tortadi. Yildan-yilga tomir otib, koʻplab insonlarni chuv tushurishga erishayotgan onlayn qimor oʻynashning natijasi hayotiy tarzda koʻrsatilgani filmga oʻzgacha joziba bagʻishlaydi.

Uchravuv davomida harbiy xizmatchilarga “Azart oqibati” filmi namoyish etildi.

Shundan soʻng mehmonlar 2021-yilda kapital taʼmirdan chiqib, muhtasham qiyofa kasb etgan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida amalga oshirlgan bunyodkorlik ishlari, harbiy xizmatchilar va mahalliy aholi farzandlari uchun ochilgan fan va sport toʻgarakalari bilan yaqindan tanishib, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat qilishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati