Oʻzbekistonlik harbiylar xalqaro musobaqaning mutlaq gʻolibi

0
452

24-27-iyun kunlari Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” togʻ poligonida Hamdoʻstlik davlatlari tarkibiga kiruvchi davlatlar ishtirokida belgilangan shtat qurollaridan otish boʻyicha xalqaro musobaqa boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilardan tashqari Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Tojikiston davlatlari vakillari ishtirok etdi.

Musobaqa qatnashchilari uch kun davomida “Makarov” pistoleti va “Kalashnikov” avtomatidan otish boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etgan holda sovrinli oʻrinlar uchun murosasiz kurash olib borishdi. Chempionat shartlariga koʻra har ikki yoʻnalishda ishtirokchi davlatlar sharafini bir nafar ayol, ikki nafar erkak harbiy xizmatchi yakkalik hamda umumjamoa hisobi boʻyicha bahs olib bordi. Dastlab “Makarov” pistoletidan 25 metlik masofadagi nishonlarga otish boʻyicha bellashuvlar tashkil etilib, musobaqaga rasmiy start berildi. Ushbu yoʻnalishda mamlakatimiz sharafini kapitan Quvochbay Berdixanov, kichik serjant Artyom Chernishev, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sitora Ergashboyeva himoya qildi. Quvonarlisi shundaki, uch nafar harbiy xizmatchi sovrindorlar qatoridan joy oldi. Quvoch Berdixanov va Sitora Ergashboyeva shohsupaning birinchi pogʻonasiga koʻtarilgan boʻlsa, Artyom Chernishev ikkinchi oʻrin sohibiga aylandi.

Birinchi kun koʻrsatilgan natijalarga koʻra Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqada mutlaq peshqadamga aylandi. Chempionatda gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun vakillarimiz “Kalashnikov” avtomatidan otish shartida ham raqiblarga munosib qarshilik koʻrsatishi lozim edi. Aynan bunday vazifa dastlab kichik serjant Yana Fatxi tomonidan muvaffaqiyat bilan bajarildi. U rossiyalik Yuliya Maxova bir ochko bilan, qirgʻizistonlik Ulkan Musayevani esa 16 ochko bilan ortda qoldirdi. Erkaklar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida ushbu yoʻnalish gʻolibligi mayor Mixail Gladishev (Rossiya Federatsiyasi)ga nasib etdi. U murosasiz kurashda hamyurtimiz Musulmon Neʼmatov hamda belaruslik Denis Latsetdan yaxshiroq natija koʻrsatdi.

Musobaqaning ikki yoʻnalishida qayd etilgan umumiy natijalar yakunida Oʻzbekiston terma jamoasi g‘olib bo‘ldi. Vakillarimiz 1671 ochko bilan shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilishdi. Rossiya Federatsiyasi 1644, Belarus Respublikasi 1568 ochko bilan keyingi oʻrinlarni band etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti