“Jasorat maktabi” navoiylik yoshlarni yangi marralar sari yetaklamoqda

0
368

Avvalroq Navoiy garnizonidagi harbiy qismda 100 nafar yoshlar ishtirokida 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini boshlangani to‘g‘risida xabar bergan edik. Ayni kunda harbiy qismda yigʻin dasturiga asosan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va sharoitlar yaratilmoqda.

Har kuni erta tongdan yoshlar ishtirokida badantarbiya, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, jangovar va saf tayyorgarligi kabi oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilishi belgilangan.

Shuningdek, yoshlarning bandligini taʼminlashga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida oʻtkazilib, yoshlar unda chilangarlik, maishiy texnika qurilmalarini taʼmirlash, kompyuter savodxonligi, avtoservis xizmat koʻrsatish, alyuminiy va plastik profillari bilan ishlash, issiqxonachilik hamda sartaroshlik boʻyicha bilimlarni egallashmoqda.

Bundan tashqari, yoshlarni harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalash, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish va uni asrab-avaylash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida turli uchrashuv hamda musobaqalar tashkil etilyapti.

Umuman olganda, yoshlarning o‘zlari uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga javoban yurt tinchligi va ravnaqi yoʻlida daxldorligi oshib, mashgʻulotlarni mukammal oʻrganish va mustaqil hayotga dadil qadam tashlash yo‘lida shijoati ortmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati