Xalqaro musobaqada qatnashgan qoraqalpogʻistonlik oʻquvchilar tantana bilan kutib olindi

0
467

Nukus temir yoʻl vokzalida “Aybin” xalqaro harbiy-vatanparvarlik yigʻinida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoraoʻzak tumanining 25-maktab oʻqituvchisi Abdulla Jabbarbergenov hamda Kegeyli tumanining 41-maktabi oʻquvchisi Manshuk Joldasbayeva tantanali kutib olindi.

Marosimda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi mudofaa ishlari boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtiroki etdi.

Taʼkidlash joizki, Kegeyli tumanidan terma jamoa tarkibida ishtirok etgan Manshuk Joldasbayeva taʼlim olayotgan 41-son maktab jamoasi 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun birinchi marotaba oʻtkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining final bosqichida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Oradan uch yil oʻtib, yaʼni 2024-yilda Qonlikoʻl tumanidagi 2-son maktabining “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari “Vatanparvarlar” musobaqasida munosib ishtirok etib, mudofaa vaziri kubogini Qoraqalpogʻiston Respublikasiga olib kelishga erishdi.

Temir yoʻl vokzalidan uyga qaytgan hamyurtlarimiz oʻz mahalla va maktablarida ham munosib qarshi olinib, ular sharafiga bayram tadbirlari oʻtkazildi. Eng olis tuman va ovullardan xalqaro darajadagi musobaqalarda ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻini yuksaklarga koʻtarib kelayotgan bu ikki oʻspirin, endilikda Qoraqalpogʻiston ahli faxri, oʻsib kelayotgan yoshlar uchun iftixor ramzi boʻlib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, Qozogʻiston Respublikasi Olmaota shahridagi Quruqlikda qoʻshinlar harbiy instituti negizida X xalqaro “Aybin” harbiy-vatanparvarlik yigʻinida “Vatan tayanchi” otryadlarining aʼzolari boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati