Nukusda ilmiy-uslubiy konferensiya o‘tkazildi

0
1139

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Yangi Oʻzbekiston rivojlanishida vatanparvarlikning oʻrni va roli” mavzusida ilmiy-uslubiy konferensiya o‘tkazildi.

Unda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtgan konferensiyada harbiy okrug qoʻmondoni, Nukus harbiy prokurori, Ajiniyaz nomidagi Nukus pedagogika instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-oʻqituvchilari, kuch tuzilmalari vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, maktablardagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar va IIV Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi oʻquvchilari ishtirok etdi.

Konferensiya ishida “Vatanparvarlik tushunchasi, uni shakllantirishda tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosimizning oʻrni va roli” mavzusi koʻtarilib, atroflicha tushuntirildi. Konferensiyada davomida “Buyuk ajdodlarimizning mardligi, matonati, jasorati, vatanparvarligi va ularning bugungi avlod uchun ibrat namunalari”, “Jadidchi bobolarimizning ilm-maʼrifat va maʼnaviy merosining vatanparvarlik tarbiyasidagi ahamiyati”, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarida vatanparvarlikni rivojlantirishning roli va oʻrni”, “Yoshlarda vatanparvarlik va islohotlarga daxldorlik xislatlarni shakllantirishda maʼnaviy tarbiya va milliy ruhning taʼsiri”, “Jamoalarda vatanparvarlik ruhini shakllantirishda psixologik omillar” kabi mavzular boʻyicha ilmiy-uslubiy yondashuv asosida ishtirok etgan harbiy xizmatchilarning maʼruzalari tinglanib, yorqin misollar asosida mavzular taʼriflab berildi.

Ulugʻ bobolarimizning millati, xalqi ravnaqi uchun janglarda, ilmu-maʼrifat maydonida kurashgani, jadidchi vatandoshlarimizning yurt ravnaqi uchun, kelajagi uchun boshidan kechirgan ogʻir kunlari aniq faktlar bilan maʼruzachilar tomonidan yoritib berildi.

Tadbir davomida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, savollarga batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi. Konferensiya ishida koʻrib chiqilgan maʼlumotlar umumlashtirilib, qoʻshinlarga qoʻllanma sifatida taqdim etilishi boʻyicha koʻrsatma berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati