Qurolli Kuchlar akademiyasida Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi

0
1228

Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Yoshlarimiz ma’naviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari” mavzusida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar Mudofaa vazirligi harbiy orkestrining musiqiy sadolari ostida kutib olindi. Forum yosh harbiy xizmatchilarning harbiy sohaga oid innovatsion g‘oyalari va ishlanmalari ko‘rgazmasi, yosh harbiy adib va shoirlar tomonidan o‘zlari chop etgan kitoblar va she’riy to‘plamlar taqdimoti, “Yoshlar kutubxonasi” hamda “Mard askarga sovg‘a” rukni ostida nashr etilgan badiiy adabiyotlar ko‘rgazmasi bilan boshlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, Yozuvchilar uyushmasi  rahbariyati, Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari hamda xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari, yosh harbiy xizmatchilar, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari, Mudofaa vazirligiga biriktirilgan otaliqqa olingan yoshlar, bir guruh talabalar ishtirok etishdi.

Forumning asosiy qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan davom etdi. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yoshlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Uchrashuv Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot-taqdimoti bilan davom etdi. Taqdimot davomida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida joriy yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan tayyorlangan maxsus videorolik ham namoyish etildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yuqori cho‘qqilariga erishgan yosh harbiy xizmatchilar, faxriylar va mehmonlar ham faol qatnashib, bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari uchun berilayotgan imkoniyatlar xususida fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.

Tadbir mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi faollarining yosh harbiylar bilan jonli savol-javob tarzidagi muloqotiga ulanib ketdi.  

Uchrashuv yakunida buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, To‘maris hamda jadidchilik harakati namoyondalarining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan badiiy chiqishlari hamda konsert dasturlari namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyala
r departamenti