OAV xodimlari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha sport musobaqasi o‘tkazildi

0
832

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan respublika OAV xodimlari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha sport musobaqasi o‘tkazildi.

“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu musobaqaning asosiy maqsadi jurnalistlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularni sport bilan faol shug‘ullanishga keng jalb etish hisoblanadi. Qirqdan ortiq jurnalistlar ishtirokida qizg‘in, shu bilan birga, murosasiz kechgan bellashuv yakunlandi.

Erkaklar o‘rtasida:

  1. Nizomjon Islomov (“Aniq.uz” sayti);
  2. Qahramon Haydarov (Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti);
  3. Sanjar Zaitov (“Sport” telekanali).

E’tiborlisi, “Aniq.uz” sayti bosh muharriri Nizomjon Islomov 2021-yilda OAV xodimlari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan sport musobaqasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritlgan edi.

Ayollar o‘rtasida:

  1. Kamola Israilova (MTRK Media markazi);
  2. Sojida Shernayeva (“Yoshlar” telekanali);
  3. Dilorom Ergasheva (MTRK Media markazi).

G‘oliblikni va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan OAV vakillari “Vatanparvar” tashkilotining diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, respublika bo‘ylab “Vatanparvar” tashkiloti tizimida avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tashkilot sportchilari ushbu sport turlari bo‘yicha respublika, MDH, Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati