JASORAT VA FIDOYILIK SOLNOMASI: “VATANPARVAR” GAZETASI 32 YOSHDA

0
719

Mudofaa vazirligining markaziy matbuot organi “Vatanparvar” gazetasi 1992-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari boʻyicha vaziri – Milliy gvardiya qoʻmondonining 1992-yil 19-iyundagi 81-sonli buyrugʻiga binoan tashkil etilgan.

1992-yil 24-iyun – “Vatanparvar”ning birinchi soni chop etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni, davlatning mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi siyosatini keng targʻib qilish, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida ulugʻ ajdodlarga munosib vorislar etib tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini shakllantirish, harbiy xizmat va kasb nufuzini oshirish maqsadlarida faoliyat yuritayotgan gazeta 2005-yil 29-aprel 48-sonidan boshlab toʻliq rangli sahifalarda, haftalik gazeta sifatida chop etila boshlandi.

2015-yil – “Oʻzbekiston armiyasi” jurnalining birinchi soni chop etildi.

Oʻtgan yillarda tahririyatning 10 nafar xodimi – “Jasorat”, “Shuhrat” medallari va “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoniga sazavor boʻldi. Shuningdek, tahririyatning 5 nafar xodimi “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi gʻolibi va sovrindori sifatida eʼtiof etildi.

2012-2023-yillarda “Vatanparvar” kutubxonasi seriyasida “Buyuk ajdodlardan meros muqaddas Vatan”, “Oila hayot gultoji”, “Axborot-psixologik xurujlar va tahdidlar”, “Vatan omon boʻlsin”, “Qalqon qoʻshigʻi”, “Mangu jasorat”, “OʻZBEKISTON ARMIYASI obyektiv qarshisida”, “ARMIYA BILAN hamqadam, hamfikr, hamnafas” nomli kitoblar jami 14 500 nusxada chop etilib, Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga tarqatildi.

“Vatanparvar” gazetasi tahririyati tomonidan harbiy xizmatchilar, ularning farzandlari, OAV xodimlari oʻrtasida koʻplab tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda. “Vatanga xizmat – muqaddas burch”, “Milliy armiyamiz – mustaqillik qalqoni”, “Mustaqillik mening taqdirimda”, “Yuksak huquqiy madaniyat”, “Mening dadam – Vatan himoyachisi”, “Ajdodlar merosi”, “Posboniman muqaddas yurtning”, “Vatan himoyachisi – mening tasavvurimda”, “Kitobxon posbon”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Jamoatchi muxbir”, “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi 15 dan ziyod tanlovlar tashkil etildi.

2023-yilda tahririyat ijodiy xodimlari bir qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, boʻlim boshligʻi katta leytenant Islomjon Qoʻchqorov “Kelajak bunyodkori”, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Begali Eshonqulov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Boʻlim boshligʻi mayor Aziz Norqulov respublika miqyosida oʻtkazilgan “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovida, boʻlim boshligʻi katta leytenant Islomjon Qoʻchqorov “Posboniman muqaddas yurtning” tanlovida faxrli oʻrinlarni egalladi.

Qurolli Kuchlar xizmatchilari Zulfiya Yunusova, Inobat Ibragimova, mayor Aziz Norqulov, katta leytenant Islomjon Qoʻchqorov Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi boʻldi.

“Vatanparvar” birlashgan tahririyatining qoʻshinlar bilan ishlash boʻlimi maxsus muxbiri katta leytenant Dilshod Roʻziqulov 2024-yilda “Oʻzbekistonda harbiy jurnalistikada axborot integratsiyasining nazariy va amaliy xususiyatlari” mavzusida doktorlik (PhD) dissertatsiyasini yoqlab, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi. U Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti mustaqil izlanuvchisi.

“Vatanparvar” birlashgan tahririyati boʻlim boshligʻi podpolkovnik Gulnora Xodjamuratova “Oʻzbek harbiy jurnalistikasining barqarorlikni taʼminlashdagi oʻrni va roli (metodologik jihat)”, kapitan Bobur Elmurodov “Jasorat” fenomenini shakllantirishda oʻzbek epik dostonlari: strukturaviy-funksional yondashuv» mavzusida PhD dissertatsiyasini tayyorlamoqda.