Qashqadaryoda “Qoʻmondon va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi

0
1765

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qismdagi “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻin” ishtirokchilari bilan “Qoʻmondon va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yig‘indagi 100 nafar ishtirokchi bilan ochiq muloqot qilib, askarlikdan generallikkacha bosib oʻtgan mashaqqatli, ammo sharafli harbiy hayot yoʻli haqida soʻzlab berdi.

Bugun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, yoshlarning baland marralar sari dadil borishlariga imkon berayotgani alohida taʼkidlandi. Yoshlarning orzu-maqsadlari, reja va intilishlariga qiziqqan qoʻmondon ularning barchasiga atroflicha oʻz maslahatlarini berib oʻtdi.

Ushbu tadbir kichik biznes, dehqonchilik, chorvachilik, duradgorlik singari yoʻnalishlarda mehnat qilishga urinayotgan, oliy taʼlim dargohiga kirishga, kompyuter texnologiyalarini oʻrganishga, umuman olganda ilm olishga intilayotgan yoshlarning kelajakda oʻz maqsadlariga erishishlari uchun ruhiy quvvat boʻldi deyish mumkin.

Suhbat chogʻida faollik koʻrsatgan, shuningdek, yigʻin davomida oʻtkazilgan turli musobaqalarda gʻolib boʻlgan yoshlar diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati