“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichi yakunlandi

0
1976

“Yoshlar oyligi” doirasida joriy yilning 20-22-iyun kunlari Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichi oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining final bosqichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda istiqomat qilayotgan 17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 140 nafar yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlarda toblandi.

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolarining Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari tekshirildi. Shuningdek, saf qoʻshigʻi va “Biz – bir jamoamiz!” koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi.

“Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardi.

“Sport bloki”da duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdilar. “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari davomida yoshlarning gʻalabaga kuchli intilishlari, shijoatlari va harbiylikka boʻlgan qiziqishlari yaqqol sezilib turdi.

Doʻstona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichida ketma-ket uchinchi bor Xorazm viloyati jamoasining qoʻli baland kelib, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini qoʻlga kiritdi.

2-oʻrin Toshkent viloyati, 3-oʻrin esa Andijon viloyati jamoalariga nasib etdi. Yakunda gʻoliblik va faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar aʼzolari “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Eng eʼtiborli jihati, mazkur oʻyinlar doirasidagi turli musobaqalarda yuqori natijalarni koʻrsatgan 8 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega boʻldilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti