Navoiyda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining navbatdagi mavsumiga start berildi

0
540

Navoiy garnizonida joylashgan harbiy qismda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi bilan hamkorlikda 100 nafar muqim ish joyiga ega boʻlmagan yoshlarni jalb etgan holda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻinining joriy yildagi ikkinchi mavsumiga start berildi.

Navoiy viloyatning uchta shahar va to‘qqizta tumanidan kelgan ishtirokchilar dastlab harbiy orkestr sadolari ostida koʻtarinki kayfiyatda kutib olingach, tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shundan so‘ng ishtirokchilarga harbiy liboslar tarqatildi va yoshlar yigʻinning tantanali ochilish marosimi uchun saf tortdi.

Unda soʻzga chiqqan okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari, bu yerda yoshlarni taʼlim olib, hunar egallashlari uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyat eshiklari ochilganini alohida taʼkidladilar.

Tantanali tadbirdan soʻng okrug qoʻmondonligi tomonidan har daqiqani mazmunli oʻtkazishni nazarda tutuvchi darslar jadvalidan IT, biznesni oʻrganish va rivojlantirish, chilangarlik, duradgorlik kabi hunarlar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, kitobxonlik singari sermazmun mashgʻulotlar oʻrin olgan kun tartibi haqida maʼlumotlar berildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati