Harbiy tibbiyot akademiyasida bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi

0
1201

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida yosh ofitserlarning navbatdagi bitiruviga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa vaziri oʻrinbosari, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi aʼzolari va bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida dastlab mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra, akademiyaning bakalavriat yoʻnalishini tamomlayotgan tibbiy xizmat leytenantlariga diplom va koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Shundan soʻng yosh shifokorlar Abu Ali ibn Sino singari buyuk ajdodlarimiz shonli anʼnalarini davom ettirish maqsadida tantanali ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Shifokorining qasamyodini qabul qilishdi. Shu orqali oʻzlarining mashaqqatli va sharafli kasbiga sodiqligini namoyon etishdi.

Maʼlumki, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va topshiriqlariga asosan tashkil etilgan mazkur oliygoh Markaziy Osiyo mintaqasida tibbiyot sohasiga oid yagona oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ushbu muassasada Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalining moddiy-texnik bazasi va malakali tibbiy mutaxassislarini oʻquv jarayoniga jalb etish orqali nazariya bilan amaliyot uygʻunligi taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona islohotlar va yaratilgan shart-sharoitlar natijasida qoʻshni davlatlarning harbiy tibbiyot xodimlari ham ushbu muassasada tahsil olishlari yoʻlga qoʻyilgan.

Akademiyaning asosiy faoliyat yoʻnalishi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar uchun harbiy shifokorlarni tayyorlash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda harbiy tabbiyotning dolzarb masalalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borishdan iboratdir. Kursantlar uchun bu muassasada uzluksiz ikki yillik oʻqish tashkil qilingan boʻlib 1-yili bakalavriyatning davomi, 2-yili internatura kursi hisoblanadi.

Akademiyaning oʻquv binosida AQSH, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Turkiya va boshqa rivojlangan davlatlar tajribasi asosida “Oʻquv-mashq simulyatsiya markazi” tashkil etilgan boʻlib, mazkur markaz zamonaviy robot-manekenlar, simulyatorlar bilan jihozlangan. Unda taktik tibbiyotdan boshlab klinik tibbiyotga qadar kursant va tinglovchilarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish tizimi joriy qilingan.

Jahon standartlariga toʻla javob beradigan taʼlim jarayonini tashkillashtirishni, eng yuqori bilim va amaliy koʻnikamalarga ega mutaxassislarni tayyorlashni oʻz oldiga qoʻygan akademiya boy kutubxona, aniq vaqt rejimida videokuzatish imkonini beruvchi amaliyot xonalariga ega.

Tadbirda akademiya faoliyati haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Shu kungacha erishilgan yutuqlar eʼtirof etildi. Shu asnoda mehmonlar harbiy tibbiyotning istiqboli boʻlgan bitiruvchilarni ushbu tarixiy va unutilmas sana bilan qutlab, ularning kelgusidagi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.

Endilikda bu bitiruvchilar oʻzlari tanlagan tor mutaxassislik boʻyicha harbiy internaturada tahsilni davom ettiradi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti