Harbiy aviatsiya institutida tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi

0
2960

Shu kunlarda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalariga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in kechmoqda.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil 17-yanvardagi qaroriga asosan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy aviatsiya instituti tashkil etilgan edi. Bugun, 20-iyun kuni Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutining ilk qaldirg‘ochlarini bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali bitiruv marosimida mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, dastlab institut shaxsiy tarkibini samimiy qutladi, harbiy aviatsiya mutaxassislari va bitiruvchilarning kelgusi faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi. Shuningdek, milliy armiyamiz saflarida oʻz oʻrniga ega boʻlgan mazkur institut harbiy xizmatchilari va kursantlari uzoq yillardan buyon turli taktik oʻquv mashgʻulotlarida, umumarmiya oʻyinlarida, qolaversa, xalqaro musobaqalarda faol qatnashib, Oʻzbekiston bayrogʻi baland koʻtarilishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani alohida eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, tantanali tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimligi, Janubi-g‘arbiy harbiy okrug qoʻshinlari qo‘mondonligi vakillari ishtirok etib, yosh ofitserlarning kelgusi faoliyatida zafarlar tiladi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ham bitiruvchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Shuningdek, boʻlgʻusi ofitserlarga saboq berish borasida sidqidildan mehnat qilayotgan, sharafli kasbini sadoqat bilan ado etayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari mudofaa vaziri tomonidan koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shu kuni ko‘p yillardan beri harbiy aviatsiya sohasida salmoqli faoliyat olib borib, harbiy xizmati davomida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning qahramonliklarini e’tirof etish, xotirasini abadiylashtirish maqsadida institut hududida barpo etilgan “Xotira monumenti”ning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyaar departamenti