Urgutda mahalla yoshlarini vatanparvarlikka undovchi festival oʻtkazildi

0
678

Samarqand viloyati Urgut tumanining olis hududlaridan biri boʻlgan “Gʻisht masjid” mahallasida yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, iqtidori va iste’dodini roʻyobga chiqarish hamda hayotda oʻz oʻrini topishga koʻmaklashish maqsadida vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Festival avvalida Respublika ishchi guruhidagi Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi, tuman mudofaa ishlar boʻlimi hamda mahalla yoshlari ishtirokidagi harbiy orkestr sadolari ostidagi harbiy parad bilan boshlandi.

Festivalning asosiy qismi mahalladagi sport maydonida oʻtkazilib, unda tumandagi sektor rahbarlari, nuroniylar, hamkorlikdagi kuch tuzilmalari hamda mahalladagi uch mingdan ortiq aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasi va tuman madaniyat boʻlimining folklor jamoasi tomonidan namoyish etilgan kuy-qoʻshiqlar va milliy raqslar mahalla ahliga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Shundan soʻng, faxriy qorovulning koʻrgazmali elementlari, qoʻl jangi sahnasi va zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahlar koʻrgazmasi milliy armiyamizning bugungi qudratini yaqqol namoyon etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati