Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi Termizga yetib keldi

0
887

Ma’lumki, yaqinda harbiy xizmatchilarimiz qozog‘istonlik hamkasblari ishtirokida ikki tomonlama o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etib qaytgandi.

Mintaqamizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida mazkur ikki tomonlama o‘quv-mashg‘ulotlari endi “Termiz” poligonida davom ettiriladi. Qozog‘iston Respublikasi quruqlikdagi qo‘shinlari bosh qo‘mondonlik boshqarmasi shtab boshlig‘i general-mayor Kanish Abubakirov boshchiligidagi harbiy delegatsiyasi qadimiy va navqiron Termiz shahriga yetib keldi.

Qardosh yurt harbiylari “Termiz” poligoni bazasida tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng qo‘shni davlat delegatsiyasining mas’ul ofitserlari O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov hamrohligida o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan hududlarni ko‘zdan kechirib, kechki payt “Hamkorlik – 2021” qo‘shma o‘quvining rejasi muhokama qilindi.

“Hamkorlik – 2021” O‘zbekiston – Qozog‘iston qo‘shma o‘quvi 24-noyabrga qadar davom etib, unda ikki davlat harbiylari real jang olib borish ssenariysi bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.

Bugunning o‘zida «Hamkorlik—2021» O‘zbekiston—Qozog‘iston hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki davlat vakillari so‘zga chiqib, qardosh xalqlarining birdamligi, harbiy hamkorlikning ahamiyati, ikki davlat harbiy xizmatchilarining o‘zaro tajriba almashinish muhimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, harbiy xizmatchilar tantanali marsh yurdi. Shu kuni mehmonlar Termiz dala o‘quv maydonida mavjud o‘quv nuqtalari bilan tanishdi. U yerda O‘zbekiston harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan mashg‘ulotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ba’zi mashg‘ulotlarda qozoq harbiy xizmatchilari ham o‘zlarini sinab ko‘rishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti