Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi

0
918

Qarshi shahrida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida yoshlarning maʼnaviy kamolotini sayqallashga qaratilgan keng qamrovli uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

“Milliy armiyamiz – yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, senator, Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, taʼlim sohasida koʻp yillar samarali mehnat olib borgan Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Isroil Sobirov hamda bir guruh faxriylar ishtirok etdi.

Qarshi davlat universiteti talabalari, oʻquvchi yoshlar hamda mezbon oliygohning kursantlaridan iborat 150 dan ortiq yoshlarni bir joyga jamlagan uchrashuv davomida davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, imtiyoz va imkoniyatlar haqida fikrlar bildirildi. Bunga javoban esa ertamiz egalari ustozlardan puxta bilim egallab, oʻz sohalarining mukammal bilimdoni boʻlishga vaʼda berishdi.

Uchrashuv soʻngida mehmonlar Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida kursantlarning taʼlim olish uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun bayram kayfiyati ulashish maqsadida bayramona konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Ushbu bayram konsertida Oʻzbekiston Respublikasi davlat filarmoniyasi qoshidagi lazgi ashula va raqs ansambli bir guruh sanʼatkorlari oʻzlarining kuy-qoʻshiqlari bilan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolariga koʻtarinki bayramona kayfiyat ulashdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati