Yangiqo‘rg‘on tumani mudofaa ishlari bo‘limi  «Obod markaz» dasturi doirasida zamonaviy qiyofaga kirdi

25

O‘nlab yillar ko‘zlarimiz ko‘nikib qolgan eski inshootlarning ko‘rkam qiyofaga kirishi kishi ruhiyati, kayfiyatida ijobiy o‘zgarish yasaydi. Bu yangilanishlar kundalik yumushimiz, kasb-korimizga munosib yondashishga turtki beradi.

Joriy yilning may-avgust oylarida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani mudofaa ishlari bo‘limida «Obod markaz» dasturi doirasida 719 million so‘mlik kapital ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida Vodiy mahallasi Chortoq ko‘chasidagi 1962 yilda qurilgan ushbu bino zamonaviy va yangicha qiyofaga kirdi. Jumladan, xizmat xonalarining zamonaviy mebelь va jihozlar bilan ta’minlangani bu erdagi xizmatchilar hamda ularga murojaat etuvchi fuqarolar uchun qulayliklar yaratdi.

– Tuman mudofaa ishlari bo‘limini kapital ta’mirlash jarayonida yangi, energiya tejovchi elektr uzatish tarmog‘i, 22ta xonaga zamonaviy issiqlik tizimi o‘rnatildi, – deydi «New Legal House» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bobirmirzo Dadaboev. – Shuningdek, 120 metrlik suv tarmog‘i tortilishi bilan toza ichimlik suvi ta’minoti amalga oshirildi. Yangi tipda jihozlangan nazorat-o‘tkazish punktiga turniketlar o‘rnatildi. Binoning tom va fasad qismlari mukammal ta’mirlandi. Bo‘limga eltadigan yo‘llar sifati yaxshilanib, Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ko‘chalarining 700 kvadrat metriga asfalьt, 200 metriga bruschatka qoplamasi yotqizildi. Bino hovlisiga o‘rnatilgan dekorativ yoritish chiroqlari yog‘dusi tunda ajib manzara kasb etmoqda. Tender asosidagi kapital ta’mirlash ishlari Namangan viloyati yagona buyurtma injiniring kompaniyasi buyurtmasiga asosan bajarildi.

Yangiqo‘rg‘on tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Yahyo Qosimovning ta’kidlashicha, «Obod markaz» dasturi doirasida ushbu muassasa binolarini davr talabiga moslab ta’mirlash, rekonstruktsiya qilishga katta e’tibor qaratildi. Bu esa tuman markazi qiyofasini ko‘rkamlashtirish bilan birgalikda mudofaa sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur bo‘limning kapital ta’mirlangani yurtimizning bunyodkorlik salohiyatidan dalolat berib, yoshlar qalbida harbiy-vatanparvalik tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti