Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar va kadrlar organlarining kasb bayrami nishonlandi

0
1515

Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi tizimida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar hamda kadrlar organlari mutaxassislarining kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik  Hamdam Qarshiyev mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining asosiy boʻgʻini, armiya maʼnaviyati hamda kadrlar siyosatini belgilovchi soha mutaxassislarini kasb bayrami bilan samimiy qutladi. Shundan soʻng vazir oʻrinbosarining soha vakillarini munosib ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga koʻra, bir guruh harbiy xizmatchilar esdalik va koʻkrak nishonlari hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, Mudofaa vazirligining bir guruh faxriylari, kuch tuzilmalari vakillari mazkur sharafli kasb egalariga oʻzlarining samimiy tilak va tabriklarini yoʻlladi.

2022-yilda vazirlik miqyosida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi mutaxassisi” koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi gʻoliblari eʼlon qilinganida tadbir yanada qizgʻin pallaga kirdi. “Eng ilgʻor vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari” yoʻnalishida kapitan Yusuf Xoljonov (SHHO), “Eng ilgʻor batalyon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari” yoʻnalishida mayor Elyor Matyoqubov (MHO), “Eng ilgʻor brigada komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari” yoʻnalishida mayor Sardor Sadirov (JGʻMHO) 1-darajali diplom va qimmatbaho sovgʻalar sohibi boʻldi.

2022-yilda erishilgan yutuqlar va tahliliy natijalarga koʻra, Markaziy harbiy okrug jamoasi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yoʻnalishida eng ilgʻor qoʻmondonlik” deb topildi. Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni videokonferens-aloqa orqali soʻzga chiqib, oʻzining bayram tabrigi va kelgusi rejalari xususida soʻz yuritdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugga “Yoshlar bilan ishlash yoʻnalishida eng ilgʻor qoʻmondonlik”, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugga “Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirishga eng katta eʼtibor qaratgan qoʻmondonlik”, Toshkent harbiy okrugiga “Harbiy xizmatchilar va ularning oilalari ijtimoiy himoyasiga eng katta eʼtibor qaratgan qoʻmondonlik”, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga esa “Madaniy tadbirlarni tashkil etishga eng katta eʼtibor qaratgan qoʻmondonlik” nominatsiyalari boʻyicha Mudofaa vazirligining diplom va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Tadbirda faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish boʻyicha eng faol harbiy okrug (birlashma) matbuot xizmati nomi aniqlandi. Mazkur yoʻnalishda Sharqiy hamda Markaziy harbiy okruglar va Janubiy operativ qoʻmondonlik matbuot xizmatlari faol deb topilib, noutbuk va professional fotoapparat vaucherlari bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli hamda el suygan sanʼatkorlar, xushovoz xonandalar ijrosidagi konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti