Qurolli Kuchlar akademiyasida Rossiya Mudofaa vazirligi moliya departamenti xodimlari bilan hamkorlikda o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi

15

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida «Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bo‘linmalarida moliyaviy ta’minot» mavzusida o‘quv-uslubiy seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Unda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi moliyaviy rejalashtirish departamenti direktori Maksim Loskutov, mazkur departament bo‘lim boshlig‘i Viktor Kachayev, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi ijtimoiy kafolat departamenti direktori Yuliya Yarkoyeva, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi moddiy-ta’minot departamenti direktori o‘rinbosari Aleksey Charkovdan iborat delegatsiya ushbu mamlakatda to‘plangan sohaviy tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

Delegatsiya vakillari Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining asosiy byudjet parametrlari va bazaviy moliyaviy xarajatlar ko‘rsatkichlarini shakllantirish, tartibga solish bosqichlari, bu borada me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, mamlakat Byudjet kodeksiga asosan, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, buxgalteriya hisobi, hisoboti va qaydnomalarini yuritish, harbiy sanoat, moliya va iqtisodiyot tarmog‘idagi faoliyatning o‘ziga xosliklari yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

Mavzuga doir taqdimotlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash, ish haqi, xizmat safari, kompensatsiya to‘lovlari, nafaqa va boshqa moliyaviy rejalarning metodologik ta’minoti turli grafik va jadvallarda aks ettirildi. Seminar mashg‘ulotini yurtimizdagi turli harbiy okrug mutaxassislari videokonferens-aloqa orqali onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.

– Rossiya – federal mamlakat. Shunga ko‘ra, federal byudjet loyihasini shakllantirishda ham qator o‘ziga xosliklar ko‘zga tashlanadi. Bugungi tadbirda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarida yagona shtatlar tarifikatsiyasi siyosatini amalga oshirish, elektron byudjet statistikasi kabi jihatlar e’tiborimni tortdi, – deydi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi moliya-iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i mayor Nodir Haydarov. – O‘ylaymanki, bu kabi o‘quvlar o‘zaro tajriba almashish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari xorijlik mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti