Qoʻmondon jizzaxlik ijodkor yoshlar bilan uchrashdi

0
628

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov hamda Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining yosh ijodkor oʻquvchilari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekiston–yangi imkoniyatlar yurti!” shiori ostida uchrashuv oʻtkazildi. Unda Jizzax shahar hokimligi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, faxriylar hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Ijod maktabining oʻquvchilari qoʻmondonni oʻzlarining ona Vatan va tinchlikni ulugʻlovchi sheʼrlari bilan qarshi olib, maktabning xotira daftarini tutqazdi. Shundan soʻng okrug qoʻshinlari qoʻmondoni ijod maktabi jamoasi va oʻquvchi yoshlariga samimiy tilaklarini bitib, kelgusidagi ijodlariga ulkan muvofaqqiyatlar tiladi.

Qoʻmondon oʻz soʻzida milliy armiyamizning bugungi qudrati va salohiyati hamda harbiy xizmatchilarning erishayotgan yutuqlari haqida soʻz yuritib, yoshlarning vatanparvarlik ruhida ijod qilishlari uchun ilhom bagʻishladi.

Oʻquvchi yoshlar esa oʻzlarining ushbu sohadagi qiziqqan savollari va qoʻmondonning hayot yoʻliga qiziqish bildirdi va undan yana bir ilhom olib shu joyning oʻzida Vatan himoyachilariga bagʻishlangan sheʼrlarini taqdim qilishdi.

Bundan hayratlangan mehmonlar bugun yoshlarimiz har tomonlama yetuk boʻlib kamolgan yetayotganligini va yosh ijodkorlarning bundayin ijodlari tengdoshlariga namuna boʻlishini taʼkidlab, maktab jamoasiga va bir guruh faol yoshlarga badiiy adabiyotlar, sport va cholgʻu asboblarini sovgʻa qilishdi. Eʼtibordan ruhlangan yosh ijodkorlar oʻzlarining ilk sheʼriy kitoblarini mehmonlarga taqdim etishdi.

Uchrashuv yakunida Jizzax garnizoni harbiy orkestr jamoasining konsert dasturi, harbiylarning qoʻl jangi sahnasi hamda qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi oʻtkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati