“Eng yaxshi kitobxon harbiy oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

0
969

Kitob – bu eng sodiq do‘st. Darhaqiqat, ezgulikka undovchi, yomon kunda yaxshi maslakdosh va ko‘makdosh bo‘luvchi, hayot yo‘llarini go‘yo shamchiroqdek hamisha yoritib turuvchi manba – kitobdir. Shuning uchun unga bo‘lgan ma’naviy talab hech qachon so‘nmaydi, zamonlar o‘tsa-da o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi.

Kecha, 13 oktabr kuni Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib o‘tgan “Eng yaxshi kitobxon harbiy oila” ko‘rik-tanlovida bu haqiqat yana bir bor o‘z isbotini topdi. Unda kitobni o‘zining eng yaqin do‘sti va maslakdoshi deb bilgan harbiy oilalar qatnashdi.

Tanlovda harbiy oilalar ichidan saralab olingan jamoalar uchta shart bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi tanlovlar harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati va mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda har tomonlama intellektual salohiyatga ega harbiy xizmatchi oilasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Dastavval jamoalar musiqali va she’riy tarzda badiiy chiqishlar bilan o‘zlarini tanishtirgan bo‘lsa, “Biz kitobxon oilamiz” shartida ishtirokchilar o‘zlari o‘qigan kitobning mazmun-mohiyatini ifodali va badiiy tarzda sharhlab berdi. Uchinchi va asosiy shartda jamoalarning badiiy va ma’naviy savodxonligi tekshirildi. Unda ulug‘ allomalar, xususan, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari haqida ma’lumotlar, ularning asarlaridagi obraz va syujetlar borasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Har bir oilaning harakatlari hakamlar tomonidan xolis va adolatli baholab borildi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, G‘afur G‘ulom asari asosida Kuyikovlar oilasi ishtirokida sahnalashtirilgan “Shum bola” spektakli tomoshabinlarning alohida olqishiga sazovor bo‘ldi.

Natijalarga ko‘ra, uchinchi o‘rin serjant Qahramon Ergashev oilasiga nasib qilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni podpolkovnik Ilhom Shoimov oilasi egalladi.  Podpolkovnik Shokirjon Kuyikov oilasi esa tanlovning mutlaq g‘olibiga aylandi va xuddi shu musobaqaning vazirlik miqyosida bo‘lib o‘tadigan bellashuviga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Tanlov g‘oliblari maxsus diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Leytenant Muhammadjon Xo‘jayev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti