Oʻquvchi yoshlar “Forish” togʻ poligonida jangovar quroldan oʻq otish boʻyicha amaliy mashq bajarishdi

0
3490

Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida Jizzax viloyatidagi umumtaʼlim maktablarining 10—11 sinf oʻquvchilari jangovar quroldan oʻq otish boʻyicha amaliy mashqlarni bajarishdi.

Mazkur amaliy mashgʻulotlar davlatimiz rahbarining umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilarini “Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida oʻquv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlari hamda 2021-yilning fevral oyida Mudofaa va Xalq taʼlimi vazirliklari tomonidan imzolangan qoʻshma qarori asosida tashkil etildi.

“Forish” togʻ poligonida dastlab oʻquvchi yoshlarning saf tayyorgarligi Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi ofitserlari, Jizzax viloyati Jamoatchilik kengashi vakillari ishtirokida sinovdan oʻtkazildi. Unda 200 nafardan ortiq ishtirok etgan jizzaxlik yoshlar oʻzlarining bor mahoratini namoyish etishdi.

Poligonning oʻq otish nuqtasida okrug qoʻmondonligining ofitser va serjantlar rahbarligida yuqori sinf oʻquvchilarining jangovar qurollar bilan muomala qilishi, ulardan foydalanishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishi boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etildi. Jumladan, avtomat oʻqdonini patron bilan oʻqlash, aniq moʻljalga olishni oʻrganish, avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi.

Otish qoidalari va xavfsizlik talablari boʻyicha berilgan yoʻriqnomalardan keyin yoshlar oʻq otish maydoniga yoʻl oldi.

Birinchi marotaba quroldan amaliy oʻq otish mashqlarini bajarayotgan yoshlarning xatti-harakatlarini tajribali mashgʻulot rahbarlari nazorat qilib borishdi. Har bir oʻquvchi 100 metr uzoqlikda turgan nishonga 3 dona oʻq uzib, maktabda oʻtilgan chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashga muyassar boʻlishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati