Ta’lim maskanida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

0
937

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 30-sonli umumtaʼlim maktabida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Davron Usmonov muddatli harbiy xizmatchilar hamda oʻquvchi yoshlar bilan muloqot qildi.

Dastlab tadbirni ochib bergan maktab direktori mazkur taʼlim maskanining shonli tarixi, buguni, oʻquvchilarning shu kungacha erishgan va erishayotgan yutuqlari haqida soʻzlar ekan, albatta bu muvaffaqiyatlar zamirida yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotning bemisl hissasi hamda shunday bebaho neʼmatni asrab-avaylab kelayotgan harbiy xizmatchilarning zahmatli mehnati borligini eʼtirof etdi.

Tadbirning muhim qismi — polkovnik Davron Usmonov bilan boʻlgan suhbat oʻziga xos taassurotlarga boy boʻldi, desak yanglishmaymiz.

Qadrli mehmon oʻquvchilarga oʻzining harbiy kasb bilan uygʻun hayoti, xizmat faoliyati haqida soʻzlab berdi. Hayotiy tajribasini yoshlar bilan boʻlishdi. Uning milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, oliy harbiy taʼlim muassasalari, u yerga oʻqishga kirish tartibi, harbiy xizmatchilarga davlatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, harbiy kasb nufuzi borasida bildirgan fikr-mulohazalari ham oʻquvchilarni befarq qoldirmadi.

Samimiy savol-javobga boy oʻtgan muloqot koʻpchilik yoshlarning qalbida yangi orzularga eshik ochgan boʻlsa, yana koʻpchilik yoshlardagi ezgu maqsadni yanada mustahkamalagani bilan qimmatli boʻldi.

Tadbir davomida faol oʻquvchi yoshlarga “Oʻzbekiston armiyasi” jurnalining tarqatilishi ularning harbiy soha haqidagi bilimlarini yanada oshirishga koʻmaklashishi, shubhasiz. Tadbir nihoyasida mehmonlar maktab muzeyi boʻylab ekskursiya qilishdi. Sanʼatkorlar ijrosidagi harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlar kechaga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Podpolkovnik Gulnora Xojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti