OAVda harbiy sohadagi islohotlar qanday yoritilmoqda?

0
1306

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi tomonidan “OAVda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritishning oʻziga xos jihatlari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi aʼzolari, kuch tuzilmalari tarkibiga kiruvchi vazirliklarining axborot xizmati masʼul xodimlari, harbiy jurnalistlar, markaziy ommaviy axborot vositalarida harbiy sohani yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov uyushma qoshidagi ixtisoslashgan kengashlar oldiga qoʻyilgan vazifalar bilan batafsil tanishtirdi. Shuningdek, bugungi tezkor zamonda harbiy sohaga oid imzolanayotgan farmon va qarorlar ijrosini taʼminlash, xalq va armiya oʻrtasida sifatli muloqotni yoʻlga qoʻyish, harbiy islohotlar haqida tezkor, xolis va toʻliq axborot yetkazish, milliy armiyamiz faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, buyuk ajdodlar va milliy qahramonlar haqida mediamahsulotlarni tayyorlash, qoʻshinlar faoliyatining ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritilishi samaradorligini tubdan yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi raisi, “Vatanparvar” birlashgan tahririyati bosh muharriri podpolkovnik Ahror Ochilov bugungi kunda mamlakatimizning harbiy sohadagi siyosatini ochiq namoyon qilish orqali keng jamoatchilikning harbiy sohaga doir axborotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish mediamakonning dolzarb vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi. Qayd etilganidek, joriy yilning oʻtgan davrida Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi tomonidan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti va boshqa kuch tuzilmalarining matbuot xizmatlari bilan hamkorlikda milliy armiyamiz faoliyatining ochiqligini taʼminlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida respublika ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni yaxshilash borasida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Anjumanda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida milliy OAVda harbiy sohaga oid islohotlar yoritilishi holati tahlil qilindi. Oʻzbekistonda harbiy jurnalistikaning yetakchi media tarmogʻini tashkil etuvchi “Oʻzbekiston armiyasi”, “Qalqon”, “Muhofaza+”, “Avtohamroh” jurnallari, “Vatanparvar”, “Postda”, “Vaziyat” gazetalari va Oʻzbekiston MTRK kanallarida namoyish etilayotgan “Vatanparvar”, “Oʻzbekiston armiyasi”, “Armiya sporti” va boshqa kuch tuzilmalari tomonidan tayyorlanayotgan turli nomdagi koʻrsatuvlarni mazmunan va sifat jihatdan boyitish, matbuotda eʼlon qilingan materiallarning elektron versiyasini oʻz veb-saytlarida uzluksiz tarzda joylashtirib borish, harbiy soha haqidagi maqolalarning zamonaviy elektron manba formatida integratsiyalashtirilishi bugungi davr talabi ekanidan kelib chiqib, tahririyatlar oʻz veb-sayti va global tarmoqlardagi rasmiy sahiflarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Jurnalistlarga “Harbiy jurnalistika sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalari”, “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Vatanparvar” tashkilotining oʻrni va roli” mavzularida ham atroflicha maʼlumot berildi. Darhaqiqat, harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishidagi tahririyatlarni yosh, gʻayratli va shijoatli kadrlar bilan toʻldirish, zamonaviy bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Birgina joriy yilda 45 talaba Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Harbiy jurnalistika yoʻnalishining ilk bitiruvchisiga aylandi. 2023/2024-oʻquv yili uchun mazkur mutaxassislik boʻyicha bakalavriat taʼlim bosqichiga (kunduzgi va sirtqi) 50 ta, magistratura bosqichiga 6 ta qabul kvotasi ajratilgan. Bu esa ushbu oliy taʼlim muassasasida OAVda harbiy sohadagi islohotlarni yoritishning oʻziga xos jihatlari 6 yillik oʻquv dasturi asosida, malakali professor-oʻqituvchilar va amaliyotchi-mutaxassislar koʻmagida uzluksiz oʻrgatilayotganidan dalolat beradi.

Tadbir soʻngida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi. Kengash faoliyatini kelgusida yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting