O‘z bahosini topayotgan fidoyilik

48

Inson umrini oqar daryoga qiyoslaydilar. Toshdan toshga urilib o‘ynoqlagan suv ko‘zni ochib-yumguncha yoningizdan oqib ketadi. Bizga in’om etilgan hayotning qadriga etib, uni mazmunli o‘tkazish joiz.
Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism aviatsiya eskadrilьyasi komandiri podpolkovnik Aziz Shojalilov ham umrini mazmunli kechirayotgan vatandoshlarimizdan biri.

20 yildan buyon harbiy xizmatda, 2011 yildan beri mustaqil uchuvchi sifatida faoliyat yuritayotgan qahramonimiz Vatan oldida ko‘rsatayotgan xizmatlari uchun davlatimizning navbatdagi yuksak mukofoti bilan taqdirlandi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan «Shuhrat» medali topshirildi. Bungacha ham podpolkovnik Aziz Shojalilov 2015 yili «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan, shuningdek, Mudofaa vazirligining bir qator mukofotlari bilan taqdirlangan. Podpolkovnik Aziz Shojalilov xizmat qilayotgan harbiy qismga borganimizda parvoz oldi tayyorgarlik jarayoni qizg‘in pallada ekan. Ishlar biroz maromiga tushgach, eskadrilьya komandiri podpolkovnik Shojalilovni suhbatga tortdik.


– Hozirgina navbatdagi parvozni amalga oshirib qaytdim. Kechqurun uyga borishim bilan 7 yoshli o‘g‘lim qalbida bir olam hayajon, qiziqish bilan qaerga borganim, qanday uchganim haqidagi savollarni yog‘diradi. Bir paytlar o‘zim ham xuddi shunday bo‘lganman, – deydi u. – Biz uchuvchilar oilasimiz. Buvam, tog‘alarim ham mahoratli uchuvchilar bo‘lgan. Tayinki, bu menga katta mas’uliyat yuklaydi. Hali amalga oshmagan orzular, rejalarim ko‘p. Ularni ro‘yobga chiqarish uchun baholi qudrat harakat qilaman, albatta.
37 yoshni qoralayotgan qahramonimiz O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti (oldingi Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti)da tahsilni tamomlagach, harbiy transport aviatsiyasi yo‘nalishida turli lavozimlarda xizmat qildi. Bugungi kunda ham davlatimiz tomonidan koronavirus infektsiyasiga qarshi xarid qilingan dori-darmon, tibbiyot jihozlari, turli asbob-uskuna va apparatlarni chet davlatlardan olib kelish, insonparvarlik yordamlarini mamlakatimizdan xorijga hamda xorijiy davlatlardan mamlakatimizga keltirishga qaratilgan maxsus reyslarda samolyotlarni boshqarmoqda.
Nafaqat komandir, balki insoniy fazilatlari bilan harbiy xizmatchilar orasida hurmat qozongan. Birga xizmat qilayotgan ko‘pchilik yoshlarga o‘rnak.
– Komandirimiz podpolkovnik Aziz Shojalilovning havas qiladigan jihatlari juda ko‘p, – deydi aviatsiya eskadrilьyasi guruh komandiri kapitan Inomjon Muxtorjonov. – U qo‘l ostidagi shaxsiy tarkibga ham juda talabchan. O‘z ishiga fidoyilik bilan yondashgani kabi qo‘l ostidagilardan ham shunday munosabatni talab etadi. Besh yildan buyon birga xizmat qilyapman. Komandir sifatida ham, insoniylik nuqtai nazaridan ham ko‘p narsalarni o‘rgandim.
Qurolli Kuchlar safida u kabi o‘z kasbiga sadoqatli, fidoyi, kamtar insonlar juda ko‘p. Hozirda boshqa sohalar qatori Harbiy havo kuchlarida kechayotgan tizimli islohotlarda ana shunday mutaxassislarning hissasi katta. Harbiy qism va muassasalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, mutaxassislar tayyorlashda zamonaviy talablar inobatga olinayotgani, yurt posbonlarining ijtimoiy himoyasi borasida qilinayotgan ishlar, qaratilayotgan e’tibor va berilayotgan rag‘bat… Bularning hamma-hammasi podpolkovnik Aziz Shojalilov kabi malakali, tajribali mutaxassislar zimmasiga yana bir karra mas’uliyat, javobgarlik yuklaydi.
– So‘nggi yillarda Harbiy havo kuchlari eng zamonaviy samolyot, vertolyotlar bilan butlanyapti. Harbiy xizmatchilarning intellektual, ma’naviy salohiyati ham yanada oshyapti, – deya fikrlarini davom ettiradi maqolamiz qahramoni. – Shuningdek, biz tahsil olgan oliy harbiy bilim yurti Qarshi shahriga ko‘chirildi. Ko‘rkam bino, yangicha o‘qitish tizimi, nazariya va amaliyot uyg‘unligi, albatta, o‘z samarasini beradi. Ushbu mukofot ham amalga oshirilayotgan islohotlar to‘lqinida menga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Hammasiga javoban o‘z burchimizni har tomonlama namunali bajarish, safimizga kelayotgan yosh uchuvchilarga bor bilim va ko‘nikmalarimizni o‘rgatishimiz lozim.
Kelajakdagi eng katta maqsadingiz nima, desak: «General bo‘lishni orzu qilmagan askar askar emas», deya hazil qildi. Shu tariqa podpolkovnik Aziz Shojalilov xayr-xo‘sh qilib, navbatdagi parvozga tayyorgarlik ko‘rish uchun jo‘nab ketdi. Ko‘ngildan shunday tilaklar o‘tdi: yashang, Aziz aka! Sizga o‘xshagan vatanparvar insonlarning boshi toshdan bo‘lsin! Ishingiz va umr yo‘llaringizda yuksak parvozlar tilaymiz!

Leytenant Bobur ESONOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti