Keksa otaxon va onaxonlar duosida ulugʼlangan bebaho neʼmat

0
5250

Mahalla yoshlarining vatanparvarlik tuygʼularini mustahkamlash, harbiy xizmat va ona yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak masʼuliyat bilan bajarishga boʼlgan ishtiyoqini oshirish, jismonan sogʼlom, kuchli va irodali, maʼnan yetuk, keng dunyoqarashli, mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllanishlarida koʼmaklashish maqsadi Surxondaryo viloyatining chekka-chekka qishloqlarida, ovullarida hamda togʼli hududlarida joylashgan mahallarda harbiy-vatanparvarlik tadbirlari muntazam ravishda oʼtkazilib kelinmoqda.
Shunday vatanparvar karvonining navbatdagi manzili Termiz tumanining chegara hududida joylashgan Gulbahor mahallasi boʼldi.


Karvon mahallaga harbiy orkestrning vatanni madh etuvchi kuy sadolari ostida, harbiy xizmatchilarning saf tortib yurishlari bilan kirib bordi.
Ushbu karvonning kirib borishini mahallaning nafaqat yoshlari, balki keksa otaxon va onaxonlari ham kuzatib turishdi va tinchlik hukm surayotgan Yangi Oʼzbekistonga koʼz tegmasin, deya duolar qilishdi.
Dastlab mahalla yoshlariga Qurolli Kuchlarda boʼlayotgan yangiliklar va davlatimiz rahbarining mahallalarda yoshlar bilan ishlash toʼgʼrisidagi qarorining mazmun-mohiyati yetkazildi.
Shundan soʼng harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʼshiqlar, faxriy qorovul va harbiy xizmatchilarning koʼrgazmali qoʼl jangi chiqishlari hamda bugungi kunda harbiy qismlarda mavjud zamonaviy qurol-yarogʼlar, harbiy texnikalar koʼrgazmasi namoyish etildi.
Tadbir davomida harbiy qism sport boʼlinmasi harbiy xizmatchilari tomonidan yoshlar oʼrtasida sportning voleybol, stol tennisi, kurash, tosh koʼtarish, arqon tortish turlari boʼyicha musobaqa oʼtkazildi.
Musobaqada gʼolib boʼlganlar Janubiy operativ qoʼmondonligi boshligʼining diplom va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Аkbar АHMEDOV, Termiz garnizoni