Har bir qalbi uygʻoq insonning maʼnaviy burchi

0
689

Mudofaa vazirligida Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda taniqli notiq, filologiya fanlari nomzodi Rahimboy Jumaniyozov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi shoira va jurnalist Muhtarama Ulugʻova mehmon boʻldi.
Daslab soʻzga chiqqan Rahimboy Jumaniyozov mamlakatimizda oʻzbek tilining Davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritar ekan, shu asnoda tilimiz jozibasi, oʻziga xosligi hamda boyligini goʻzal sheʼriy misralar orqali ifoda etdi.
Muhtarama Ulugʻova oʻz nutqida tilimizni eʼzozlash, uning Davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirish, buning uchun esa yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash har bir qalbi uygʻoq insonning maʼnaviy burchi ekanligini taʼkidladi va tarbiyaning eng muhim vositasi, inson maʼnaviyatini oʻzida mujassam etgan, qadim va muqaddas tilimizni madh etuvchi sheʼrlardan namunalar oʻqib berdi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi Muslima Aliyeva qoʻshiqlar ijro etdi.
Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Erkinjon Mahmudov yuksak sanʼatkorlik mahorati bilan atoqli shoirlarning sheʼrlaridan namunalar oʻqidi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti