Harbiylarga psixologik trening o‘tilmoqda

0
1478

Harbiylik murakkab faoliyat turlaridan biri. Bu sohada faoliyat yuritayotgan shaxs har lahzada favqulodda vaziyatlarga tayyor turishi, hamisha hushyor bo‘lishi lozim.
Harbiy texnika hamda qurollar bilan birga harakatlanishda askarlar o‘zining nimaga qodirligini, qanchalar sergakligini ko‘rsatadi. Ularning ruhiy ekstremal holati aynan shu jarayonda namoyon bo‘ladi.
Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlarda harbiylar uchun psixologik trening mashg‘uloti tashkillashtirildi. Harbiylardagi ruhiy toliqishni kamaytirish va uni muvaffaqiyatli bartaraf etish maqsadida psixologlar kerakli maslahatlarni berdi.

— Harbiy xizmat davrida bir muhitdan boshqasiga moslashish (adaptatsiya), jangovar vazifalarni bajarishga taʼsir etuvchi ekzo va endo (ichki va tashqi) omillar bevosita shaxsning ruhiy olamiga o‘z bosimini o‘tkazadi, — deydi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha mas’ul ofitser, podpolkovnik Аlisher Shirinov. — Natijada harbiy xizmatchining funksional holati o‘zgaradi. Bu xizmatga bo‘lgan munosabat, kasbiy majburiyat, ishchanlik qobiliyati, intellektual salohiyat, muloqot va xulq-atvorda namoyon bo‘ladi. Bunday vaziyatda ularga psixologlarning maslahati juda zarur.
Psixologik treninglar Surxondaryo viloyatining barcha hududlaridagi harbiy qismlarda olib borilmoqda.

III darajali serjant Аkbar АHMEDOV,
Termiz garnizoni