Qorakoʻldagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Rahbar va yoshlar” uchrashuv oʻtkazildi

0
3198

Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanidagi Xalqaro matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabda harbiy xizmatchilarning “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida oʻquvchi yoshlari bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev oʻquvchi yoshlarga mamlakatimizning yoshlarga oid davlat siyosati, ularga yaratilayotgan sharoitlar, shu bilan birga harbiy xizmatni oʻtash tartibi boʻyicha kiritilayotgan yangiliklar, Mudofaa vazirligida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, joriy yilning 2-mart kuni eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida maʼlumotlar berib, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining asosiy taʼsischisi Mudofaa vazirligi belgilanganligini taʼkidlab oʻtdi.

Tadbirning ikkinchi qismi ochiq muloqot tarzida oʻtkazildi. Oʻquvchi yoshlarning yangi tashkil etiladigan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyati, unga aʼzo boʻlish shartlari va imtiyozlari haqida bergan savollariga vazir oʻrinbosari tomonidan atroflicha maʼlumotlar berildi.

Maktab rahbariyati tashkil etilgan uchrashuv hamda oʻquvchi yoshlarga berilgan zarur maʼlumotlar uchun mudofaa vaziri oʻrinbosariga oʻz minnatdorchiligini bildirib, oʻquvchilar orasida kelajakda oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga topshirmoqchi boʻlgan yoshlar soni ortib borayotganligini gʻurur bilan taʼkidlab oʻtdi.

Podpolkovnik Sardor ABDUSAMATOV