Yigitlarimiz 4 ta medal bilan Osiyo chempionatini yakunlashdi

0
7577

Eronda taekvondo bo‘yicha klublar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Bugun erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda terma jamoamiz vakillari 4 ta medal qo‘lga kiritishdi.

Kutilganidek, Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi QK xizmatchisi Ulug‘bek Rashitov o‘z vazn toifasida yana bir bor tengsiz ekanligini isbotlab, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, barcha raqiblarini mag‘lub etgan Shuhrat Salayev ham jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qilgan bo‘lsa, Mudofaa vazirligining yana ikki vakili Nikita Rafalovich hamda Jasur Jaysunov bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha qizlar o‘rtasida kechgan bahslarda Feruza Sodiqova (O’R MV SM) oltin, Charos Qayumova hamda Svetlana Osipova (O’R MV SM) bronza medaliga ega chiqishgan edi.

Shu tariqa, taekvondochilarimiz mazkur musobaqani 3 ta oltin va 4 ta bronza, jami 7 ta medal bilan yakunlashdi.

Mudofaa vazirligi barcha g’olib va sovrindorlarni tabriklaydi hamda sportchilarimizning kelajakdagi faoliyatlariga omad va yorqin g’alabalar tilab qoladi.

 

Mudofaa vazirligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti