Qoraqalpogʻistonlik oʻgʻlonlar muddatli harbiy xizmatga yoʻl oldi

2658

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining yigʻin punktida Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarishga otlangan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatuv marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari va DXX Chegara qoʻshinlari “Shimol-gʻarb” operativ qoʻmondonliklari ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy oqsoqollar hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Vatanni himoya qilishdek muqaddas va sharafli burchni bajarishga shay turgan oʻgʻlonlarga bukilmas iroda, soʻnmas matonat va kuch-gʻayrat tilashdi.

Kuzatuv marosimida Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar, chegarachi harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi va xizmat itlari bilan koʻrgazmali chiqishlari yurt himoyasiga otlangan yigitlarda faxr va gʻurur kabi tuygʻularini yanada oshirdi.

Mamlakatimiz sarhadlarini ishonchli himoya qilishga vaʼda bergan oʻgʻlonlar tantanali tushlikdan keyin harbiy xizmatni oʻtash uchun Nukus temir yoʻl vokzalidan harbiy qismlarga joʻnab ketishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati