Qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumga moslashtirish boʻyicha mashgʻulot oʻtkazildi

0
2837

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni yozgi sharoitda foydalanish rejimiga oʻtkazish boʻyicha koʻrgazmali oʻquv-uslubiy yigʻini oʻtkazildi.

Undan koʻzlangan asosiy maqsad, harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish, sozligini taʼminlashdan hamda ob-havoning issiq sharoitiga moslashtirish kabilardan iboratdir.

Mashgʻulotda qurol-aslaha va harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat koʻrsatish vaqtida bajariladigan ishlar tartibi va hajmi boʻyicha shaxsiy tarkibga maʼlumotlar berildi.

Mashgʻulotda muhandis-texnik mutaxassislar tarkibidagi ofitser va serjantlar, guruh, vzvod va batalyon komandirlari hamda bevosita harbiy texnikalar ekspluatatsiyasiga masʼul shaxslar bilan birga harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi vakillari qatnashdi.

Har bir oʻquv nuqtasida harbiy xizmatchi oʻziga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼulligini inobatga olgan holda, koʻp yillik tajribaga ega harbiy xizmatchilar nazoratida oʻzlari amalda bajarib koʻrsatishdi.

Shuningdek, sovutish suyuqliklar almashtirish, jangovar mashina agregat va tugunlarini tekshirish, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari, yoqilgʻi-moylash ashyolarini yangisiga almashtirish hamda elektr va aloqa jihozlarining sozligini nazoratga olish boʻyicha mashgʻuloltlar oʻtkazildi.

Mashgʻulotlarning ahamiyatli jihati shunda boʻldiki, yangi kelgan harbiy xizmatchilar ham oʻzlariga biriktirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikalarni yozgi mavsumda ham doimiy jangovar shay holatda ushlab turish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini yanada oshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati