Nukusda Osiyo chempionati gʻolib va sovrindorlari tantanali kutib olindi

0
1099

Shu yilning fevral-mart oylarida Toshkentda oʻtkazilgan qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining qoraqalpogʻistonlik bir guruh gʻolib va sovrindorlari “Nukus temir yoʻl vokzali”da munosib kutib olindi.

Qitʼamizning eng kuchli yosh sportchilarini jamlagan musobaqada oʻsmirlarimiz 12 ta medal jamgʻarishga erishgan boʻlsa, yoshlarimiz uni 15 ta medal bilan yakunladi.

Mamlakatimizga shoda-shoda medallar olib bergan yosh va umidli sportchilarni kutib olish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi rahbariyati, mehnat jamoalari, sportchilar, yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar bunday yuksak natija mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obroʻsini yanada yuksaltirishga xizmat qilganini eʼtirof etdi. Gʻolib va sovrindor sportchilarga kelgusi musobaqalarda yuksak ishonch bildirilib, undanda katta marralar zabt etilishini tilashdi.

Sportchilar qatorida Tokio-2020 Olimpiada oʻyinlari ishtirokchisi, mamlakatimiz faxriga aylangan hamda yaqindagina Mudofaa vazirligi qoʻshinlari safidan joy olgan Zaynab Dayibekova mazkur chempionatda yurtimiz uchun ikkita medalni qoʻlga kiritdi. Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning sport vzvodi sportchisi bu safar kumush va bronza medalga sazovor boʻlganidan koʻngli toʻlmayotgan Zaynab, kelgusi musobaqalarda, albatta oltin medalni olib kelishga vaʼda berdi.

Qilichbozlik boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati yakuniga koʻra quyidagi natijalar qayd etildi:

Qizlar, Shpaga:
1. Oʻzbekiston
2. Hindiston
3. Qozogʻiston

Qizlar, rapira:
1. Gonkong
2. Qozogʻiston
3. BAA

Yigitlar, rapira:
1. Gonkong
2. Oʻzbekiston
3. Hindiston

5 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza medal jamgʻargan yoshlarimiz umumjamoa hisobida Osiyo chempionatini ikkinchi raqam bilan yakunladi. Jamoaviy birinchilik Xitoy qilichbozlariga nasib etdi. Hamyurtlarimiz qoʻlga kiritgan oltin medallar soni teng, faqat kumush medallar soni boʻyicha kichik ustunlik sharqiy Osiyo mamlakati jamoasini peshqadamga aylantirdi.

Medallar jamgʻarish boʻyicha kuchli uchlik:
1. Gonkong – 5-4-4
2. Oʻzbekiston – 5-3-7
3. Qozogʻiston – 1-3-2

Taʼkidlash joizki, oʻsmirlar va yoshlar jamoalarimiz bunday koʻrsatkich bilan Osiyo chempionatlaridagi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijalarini qayd etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati