Nukusda xalqimizning sevimli shoirasi tavalludi nishonlandi

0
3184

Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova – taniqli va iqtidorli oʻzbek shoirasi, oddiy inson qalbini oʻtkir his qilgan dilkash ijodkor, Sharq ayolining jamiyatdagi teng huquqi uchun mardonavor kurashgan ayol. Zulfiya ijodining oʻziga xosligi zamondoshlarimiz eʼtirofida oʻz ifodasini topgan.

Zulfiya Isroilova tavvalludining 107-yilligiga bagʻishlab Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlib oʻtgan badiiy kechada shoiraning hayoti, bizga meros qilib qoldirgan boy ijodi yod etildi.

Harbiy xizmatchilar, maktab oʻquvchilari va Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabalari shoira sheʼrlaridan namunalar keltirib, uning oʻzbek sheʼriyatiga qoʻshgan hissasini eʼtirof etishdi. Shoiraning sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlar kuylandi.

Shuningdek, Nukus shahridagi “Istiqlol” bolalar dam olish markazi hududida joylashgan Respublika bolalar kutubxonasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh ijodkor qizlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Zulfiya izdoshlarining ijodi yigʻilganlarni sheʼriyat olamiga sayohat qilishga chorlab, madaniy zavq bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati