Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

0
3429

Mudofaa vazirligi tizimida xizmat olib borayotgan harbiy-kasbiy saralash organi xodimlari faoliyatini sifatli tashkillashtirish va doimiy ravishda malakasini oshirib borish maqsadida Oʻzbekiston Milliy universitetida 10 kunlik oʻquv-uslubiy yigʻin boshlangani haqida avval xabar bergan edik.

Oʻtgan vaqt davomida tajribali psixolog professor-oʻqituvchilar ishtirokida harbiy okruglar, harbiy-kasbiy saralash organi xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, harbiy okruglarda nomzodlar bilan oʻtkaziladigan saralash tadbirlarini samarali tashkillashtirish, psixologik test metodikalari hamda xorijiy davlatlarda nomzodlarni harbiy xizmatga saralash tizimini oʻrganish hamda ularning ijobiy tajribalarini amalda joriy etish boʻyicha mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi.

Bugun, 28-fevral kuni ushbu oʻquv-uslubiy yigʻinning yakuniga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazilib, unda mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inomjon Madjidov hamda soha vakillari, professor-oʻqituvchilar, tinglovchilar ishtirok etishdi.

Soʻz olganlar dunyoda boʻlayotgan harbiy-siyosiy jarayonlar har bir kasb egasiga yangicha metodik uslublar bilan ishlash talabini qoʻyayotgani, noanʼanaviy psixologik darslar, mafkuraviy bilimlarni yanada chuqurroq oʻzlashtirish davr talabi boʻlib qolayotganini alohida taʼkidlab oʻtishdi.

Hamkorlik yigʻilishining asosiy yutuqlaridan biri ikki tomonlama memorandum va harakat dasturi imzolanishi boʻldi. Unga muvofiq kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish sohasida qator kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, tomonlar ilmiy-tadqiqot loyihalarini hamkorlikda bajarish, taʼlim sohasida pedagogik-psixologik muammolar, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari, ilmiy ishlar muhokamasi kabi muhim masalalarni birgalikda olib borishadi.

Tadbir yakunida harbiy-kasbiy saralash organi xodimlariga oʻquv-uslubiy yigʻinda malaka oshirganligi toʻgʻrisida sertifikatlar topshirildi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti