Vatanparvarlik karvoni Boysun yoshlari davrasida

0
1548

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona yurtimizga muhabbatini oshirish maqsadida Surxondaryo viloyati, Boysun tumani yoshlari bilan “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shioir ostida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Tadbir tuman hokimligi va Janubiy operativ qoʻmondonligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Vatan himoyachilari harbiy orkestr kuy sadolari ostida mahallaga kirib bordi.

Yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi, tadbirkor va qoʻli gul chevarlar tomonidan doʻppi, kashta, quroqlardan tayyorlangan milliy liboslar koʻrgazmasi, koʻchma kitob doʻkoni savdosi hamda harbiy xizmatchilarning zamonaviy qurol-yarogʻlar va harbiy anjomlar namoyishi festival qamrovini yanada oshirib, unga oʻzgacha mazmun bagʻishladi.

Mahalla yoshlari uchun sportning tosh koʻtarish, milliy kurash, ot ustida kurash, kamondan va havo miltigʻidan oʻq otish, arqon tortish boʻyicha musobaqalar hamda “Zakovat” intellektual oʻyini tadbirning qiziqarli oʻtishiga xizmat qildi. “Zakovat” intellektual oʻyinida tuman hokimi sektor rahbarlari bilan bir jamoa boʻlib oʻyinda ishtirok etgani yoshlarga ajoyib motivatsiya berdi.

Shu kuni tuman hokimi hamda Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi tomonidan yoshlarga “Jasorat” darsi ham tashkil etildi. Unda 2000-yil yoz oylarida Sariosiyo voqealarida ishtirok etib, mardlarcha halok boʻlgan boysunlik marhum harbiy xizmatchi Mashrab Joʻrayev xotirasi yod etildi. “Jasorat” darsida marhum Mashrab Joʻrayevning otasi va onasi ham ishtirok etib, doimo tinchlik va osoyishtalik boʻlishi uchun duolar qilishdi.

Tadbir davomida maktab hududiga 200 tupdan ziyod mevali-manzarali daraxtlar ekildi.

Harbiy orkestr jamoasining vatanparvarlik mavzusidagi kuy va qoʻshiqlari, sanʼatkorlarning bayram tabriklari, er yigitlarning koʻrgazmali chiqishlari tadbirga alohida fayz kiritdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni