“Save Aral-2022” xalqaro xayriya marafonida harbiy sportchilarimiz tengsiz boʻlishdi

0
1500

Kecha, 27-fevral kuni Toshkent shahridagi muhtasham “Humo Arena” muz saroyi maydonida “Save Aral-2022” xalqaro xayriya marafonining uchinchi mavsumi doirasida ommaviy yugurish tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Marafon Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston triatlon hamda Yengil atletika federatsiyalari hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkillashtirildi.

Tadbirda 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan ming nafarga yaqin aholi vakillari, harbiy xizmatchilar faol ishtirok etishdi. Shuningdek, birinchi marotaba xalqaro olimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarga erishgan paralimpiyachilarimiz ushbu marafonning faxriy mehmonlari boʻlishdi. Musobaqa ishtirokchilari Islom Karimov koʻchasi boʻylab Sharof Rashidov koʻchasi kesishmasigacha; Sharof Rashidov koʻchasidan Afrosiyob koʻchasi kesishmasigacha va undan shu koʻcha boʻylab Islom Karimov koʻchasi kesishmasigacha boʻlgan 3 kilometrlik masofani bosib oʻtishdi.

Taqdirlash marosimi esa “Save Aral-2022” xalqaro xayriya marafonini haqiqiy shouga aylantirdi.

Ushbu musobaqada Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari har doimgidek gʻalabali oʻrinlarni band etishdi.

Mudofaa vazirligi sportchisi kichik serjant Shohrux Davlatov belgilangan masofani 8,17 soniyada bosib oʻtib, yangi rekord oʻrnatgan boʻlsa, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi Yevgeniy Fadiyev 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Barcha sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.

Katta leytenent Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti