Qiziqchi Valijon Shamshiyev Nukus garnizonida

0
5648

Xalqimizda “Kuling, umringiz uzoq bo‘ladi”, – degan ibora yuradi. Darhaqiqat, kulgu insonga baxt gormonini tortiq etibgina qolmasdan, yaxshi kayfiyat va samimiy tuyg‘ularni ulashuvchi kuchga ham egadir. Shuning uchun ham insonlarga doimo quvnoq holda yurish tavsiya etiladi.

Azal-azaldan qiziqchi, askiyachi nomini olgan shaxslar xalq orasida yurib, insonlarga kulgu hadya etgan. Yurtimizda ham ana shunday askiya va qiziqchilik bilan shug‘ullanuvchi san’atkorlar orasida taniqli so‘z ustasi Valijon Shamshiyevning boy ijodiyoti alohida o‘ringa ega.

Bu safar “kulgu ustasi” Nukus garnizonida xizmat burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolari uchun ajoyib konsert dasturini namoyish etib, maroqli hordiq chiqarishlarini ta’minlab berdi.  Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Keling, kulishaylik!” nomli konsert dasturi yoshu qarini kulguga chorladi Bu konsertda Valijon Shamshiyevning ishtiroki harbiylar va ularning oilalari hamda askarlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

Samimiy kulguga boy o‘tgan konsert dasturi davomida qiziqchi Valijon Shamshiyevning yumorga boy hayotiy va armiya bilan bog‘liq voqealardan olingan latifalari, tarbiyaviy ahamiyatga ega hikoyalari zaldagi jajji tomoshabinlarga ham zavq ulashmay qolmadi. San’atkorning keng qirrali ijodiyotida ibratomuz ma’no-mazmunga boy she’rlaridan bahramand bo‘lgan ishtirokchilarning kayfiyati pozitiv energiya bilan butlandi. Adabiyotga oshno harbiylar va ularning oilalari shu kuni so‘z ustasi bilan yaqindan ijodiy muloqotga kirishib, suhatlashdi.

– El suygan san’atkorimizning tashrifi biz harbiylarni judayam xursand qildi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i kapitan Zuhriddin Alijonov. – Ikki kun davom etgan konsert dasturiga Nukus garnizonidagi barcha harbiy qism va muassasalarning harbiylari va oilalarini jalb etdik. Bu kabi tadbirlar oilalarning nafaqat madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlaydi, balki oilada totuvlik, mehru-muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashda ham xizmat qiladi.

Konsert so‘ngida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov so‘zga chiqib, Valijon Shamshiyevga shaxsiy tarkib nomidan samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Muhtasham garnizon Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘ylab sayohat qiziqchida katta taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati