Beshariq tumanidagi yoshlar festivali

4498

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokida yoshlar bilan koʻplab vatanparvarlik tadbirlari, uchrashuvlar oʻtkazib kelinmoqda.

Shulardan biri Fargʻona viloyatining Beshariq tumanida joylashgan 44-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoiru yozuvchilar, oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab, ishtirokchilar “Sogʻlom hayot sari besh ming qadam” tashladilar. Shundan soʻng sport mashgʻulotlari, boks toʻgaragi aʼzolarining mashgʻulotlari, harbiy texnika va qurol aslahalar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Tadbirda soʻz olganlar ertamiz egalarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuygʻusini uygʻotish, ular har tomonlama yetuk avlod boʻlib voyaga yetishlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari kerakligi, ona Vatanimizga sadoqatli vorislar boʻlib voyaga yetishlari, ularning ilm-fanga qiziqishlarini oshirish hamda jamiyatda munosib oʻrin topishlari kerakligini alohida taʼkidlashdi.

Harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha va faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari hamda diltortar xush navolar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev “Rapqon” MFYdagi 29-sonli umumtaʼlim maktabida ham boʻlib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati