Samarqandda ochiq eshiklar kuni boʻlib oʻtdi

0
1309

Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarning birida oʻquvchi yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni boʻlib oʻtdi.

Viloyatning shahar va tumanlaridan kelgan yoshlar sayohat davomida harbiylar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Ekskursiya dasturiga binoan dastlab oʻquvchilar oʻquv binolari, kutubxona, internet xonasi, artilleriya, harbiy topografiya, muhandislik va taktik tayyorgarlik mashgʻuloti sinflari, panoramali trenajyor va Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti xonasi hamda tarix oʻquv binosini koʻrib chiqdi va harbiy xizmatchilar bilan suhbat qurishdi.

– Kuni kecha bizning maktabimizda harbiylar bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan edi, – deydi Samarqand shahridagi 14-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Dilnavoz Karimova – Bugun esa bizlar harbiy qism mehmonimiz. Armiyamizda harbiy xizmatni oʻtayotgan akalarimiz uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlardan koʻzim quvondi. Ayniqsa, tarix oʻquv binosida yaxlit tariximiz aks ettirilganligidan hayratlandim. Askarning hayoti biz oʻylagan poligon, qurol, jangovar mashqlardan iborat emasligining guvohi boʻldik. Ular kutubxonada kitob oʻqish uchun ham vaqt ajratishi biz yoshlarga oʻrnak boʻldi. Kelgusida men ham harbiy boʻlishga ahd qildim!

Darhaqiqat, Dilnavoz ekskursiya haqida toʻlib-toshib gapirarkan, uning koʻzlarida yonayotgan uchqun milliy armiyamizga bildirilgan ishonchdan, dilida uygʻongan shijoatdan darak bermoqda edi.

Yoshlarning Vatanga muhabbati va sadoqatini mustahkamlash, harbiy xizmatga va ona yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak masʼuliyat bilan bajarishga boʻlgan havasini oshirish, jismonan sogʻlom, kuchli, maʼnan yetuk, barkamol inson sifatida shakllanishlarida bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta, shubhasiz.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati