Qoraqalpogʻiston Respublikasi biatlon federatsiyasi taʼsis etildi

2157

Oʻsib kelayotgan yoshlar oʻrtasida sportni rivojlantirish, biatlon sport turini keng ommalashtirish hamda ushbu sport turi bilan shugʻullanuvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hamda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi biatlon federatsiyasi tashkil etildi.

Nukus shahrida boʻlib oʻtgan taʼsis yigʻilishida harbiy okrug qoʻmondonligi, “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi aʼzolari, sportchilar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jangovar tayyorgarlik boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Shuhrat Umarov kun tartibida turgan masalalar boʻyicha maʼruza qilib, tegishli yoʻnalish boʻyicha mudofaa vaziri oʻrinbosarining buyrugʻini yetkazdi.

Biatlon – qishki sport turi sanaladi. U oʻzida changʻi poygalari va soyli miltiqdan oʻq otishni mujassam etgan. Biatlon 17-asrning 70-yillarida Norvegiyada paydo boʻlgan. 1718-yil Shvetsiya-Norvegiya urushida jang maydonida toʻliq qurollangan biatlonchilar boʻlgan. Biatlon koʻp vaqtgacha “harbiylar sporti” deya hisoblab kelingan.

Taʼkidlash joizki, 2022-yilning yanvar oyida Adliya vazirligi Oʻzbekiston biatlon federatsiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Oʻzbekiston biatlon federatsiyasining faoliyatini muvofiqlashtirish Mudofaa vazirligiga yuklatildi. Davlatimiz rahbarining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida 2026-yilga qadar qishki sport turlarini rivojlantirish belgilangan. Avvalroq Oʻzbekiston 2026-yilgi qishki Olimpiya oʻyinlariga kamida 10 ta litsenziyani qoʻlga kiritishni maqsad qilgani maʼlum qilingan edi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi biatlon federatsiyasining ilk yigʻilishida federatsiya raisligiga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Ismoil Qurbonov, rais oʻrinbosari lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi oʻrinbosari Zafar Sobirov hamda ijrochi direktorligiga Shahriyor Iskandarov maʼqul koʻrildi. Federatsiya rahbariyatini tanlash ovoz berish yoʻli bilan amalga oshirildi.

Yigʻilishda harbiy okrug hamda “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashining hududiy boʻlinmalari negizida biatlon seksiyasi va toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Xalqaro va respublika miqyosidagi biatlon sport turi boʻyicha musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar Mudofaa vazirligi tomonidan monitoring qilinib, ular bilan Qurolli Kuchlarimiz saflarini butlash rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.

Tadbir davomida yangi federatsiyaning rahbariyati ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati