Rishtonlik yoshlarga shijoat ulashgan festival

0
958

Fargʻona viloyatining Rishton tumani, “Toʻda” mahalla fuqarolar yigʻini markazida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizonidagi harbiy qism va mussasalar harbiy xizmatchilari, Yoshlar ishlari agentligining tuman boʻlimi vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik ishtirokida “Mahalla yoshlarini birlashtiramiz” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun besh ming qadam” shiori ostida katta koʻtarinkilik ila boshlangan festivalda tumandagi 70 dan ziyod mahallalarning yoshlar yetakchilari faollik koʻrsatishdi.

Tadbir davomida harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi, faxriy qorovulning saf tayyorgarlik boʻyicha elementlari, er yigitlarning qoʻl jangi namoyishi, harbiy orkestrning musiqali defilesi, futbol, voleybol, shaxmat-shashka, milliy kurash, tosh koʻtarish, arqon tortish, stol tennisi, arm-wrestling va boshqa sport turlari boʻyicha musobaqalar, “Zakovat”, “Kitobxonlik” intellektual oʻyinlari, shuningdek, milliy hunarmandchilik koʻrgazmalari boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida yoshlar oʻrtasida “Osh” musobaqasi ham oʻtkazildi. Yakunda festivalda faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati