Mahalla yoshlari uchun yangi markaz ochildi

2531

Xorazm viloyatining Yangibozor tumani, “Xalqobod” mahallasida “Mahalla yoshlari markazi” ochildi. Markazning ochilish marosimida Yangibozor tumani hokimi, sektor rahbarlari, yoshlar yetakchilari, mahalla yoshlari va faollari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda mudofaa ishlari boʻlimi xodimlari ishtirok etdi.

Markazning ochilishi harbiy-vatanparvarlik tadbirlari bilan davom etdi. Unda Mudofaa vazirligiga qarashli Urganch garnizoni hamda Xorazm viloyati boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan harbiy texnikalar va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi, qoʻl jangi elementlari boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shuningdek, yoshlar oʻrtasida kurash, boks, shaxmat-shashka boʻyicha sport musobaqalar tashkil etildi.

Shahardan ancha olisda joylashgan Yangibozor tumanidagi mahallada markazning bunyod etilishi yoshlar hayotiga yangilik boʻlib kirdi. Beshta muhim tashabbus ijrosini taʼminlashga qaratilgan markaz endilikda 14 ta yoʻnalish boʻyicha yoshlarni hunar va bilim egallashlari uchun xizmat koʻrsatadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati